Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni toʻliq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) hamda Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlari va indikatorlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, Konsepsiya hamda uning maqsadli koʻrsatkichlari va indikatorlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

a) ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida:

ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yoʻnaltirilgan milliy reyting tizimini joriy etish;

ilm-fanda oʻzini oʻzi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda uning doirasida loyihalarni amalga oshirish;

b) ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash borasida:

2025-yilga qadar ilm-fanga yoʻnaltiriladigan jami mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030-yilgacha esa 10 baravarga oshirish;

2025-yilga qadar ilm-fanni umumiy moliyalashtirish hajmida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xususiy sektor tomonidan ajratiladigan mablagʻlar ulushini amaldagi 8 foizdan 20 foizga, 2030-yilgacha esa 30 foizga yetkazish;

innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021-yilda 2 ta, 2025-yilda 10 ta venchur jamgʻarmalarini tashkil qilish;

v) yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yoʻnaltirish borasida:

ilmiy tashkilotlar tadqiqotchilarining oʻrtacha yoshini 2025-yilga qadar 45 ga, 2030-yilgacha esa 39 ga yetkazish;

2025-yilga qadar 39 yoshgacha boʻlgan tadqiqotchilarning umumiy sonida yuqori malakali ilmiy xodimlarning (fan nomzodi, falsafa va fan doktorlari) ulushini 2 baravarga, 2030-yilgacha esa 3 baravarga oshirish;

g) ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish borasida:

2025-yilga qadar ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning umumiy hajmida tashkilotning oʻz kuchi bilan bajarilgan texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning ulushini 3,5 baravarga, 2030-yilgacha esa 9 baravarga oshirish;

2021-yilda “Yashnobod” innovatsion texnoparkining rezidentlari sonini 60 taga yetkazish va shu asosda innovatsion mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek, 720 dan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish;

7 ta zamonaviy laboratoriya majmualarini tashkil etish, ularni GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlash;

d) ilm-fan taraqqiyotiga koʻmaklashuvchi zamonaviy axborot muhitini shakllantirish borasida:

milliy ilmiy portalni yaratish;

olimlar, tashkilotlar, ilmiy-texnik axborot manbalari reytinglarini joriy etish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish koʻnikmasiga va iqtisodiy bilimga ega boʻlgan yosh mutaxassislar tayinlanadi;

2021-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar rahbarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻqitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilinadi;

2021-yil 1-yanvardan boshlab har bir ilmiy tashkilotda uning boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritiladi, bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanadi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqaradi;

ilmiy yoʻnalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi masʼuliyatini oshirish maqsadida har bir fan yoʻnalishlari boʻyicha fan jamiyatlari tashkil qilinadi;

2021-yilda xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyati auditdan oʻtkaziladi;

barcha davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarining respublika darajasidagi rahbarlari (birinchi oʻrinbosarlari) bir vaqtning oʻzida ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga masʼul hisoblanadi hamda bu borada tizimdagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

4. Hududlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilish, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Akademik harakatchanlik” dasturi joriy qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki, “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida:

ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy gʻoyalarini ragʻbatlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish uchun Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grantlar ajratiladi;

mazkur yoshlarga ilmiy tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalardagi zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Quyidagilar:

Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

Ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2021–2023-yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlari (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli parametrlar) 3-ilovaga muvofiq;

Ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2021-2023-yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlariga erishish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar rejasi) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. 2021-yil 1-yanvardan boshlab Ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinsin.

Belgilansinki, Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi orqali quyidagi ishlar toʻliq amalga oshiriladi:

stajyor-tadqiqotchi, izlanuvchi, ilmiy rahbar va konsultantlarga doir maʼlumotlar bankini shakllantirish, stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasidagi ishlar bajarilishini qayd etish;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarining samaradorligi monitoringini olib borish, tegishli hisobotlar va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish;

stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturada oʻqish uchun qabul kvotalari boʻyicha buyurtmanoma shakllantirish;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarida oʻqish uchun talabgorlarni roʻyxatga olish.

Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur elektron tizimning uzluksiz ishlashi, unga texnik xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarini yana-da takomillashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirib borsin.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning bir pogʻonali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning roʻyxati har yili Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta oʻrindan birini egallagan oliy taʼlim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi (ekvivalentligi qayd etiladi);

xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta oʻrindan birini egallagan oliy taʼlim tashkilotlarida olingan professor, dotsent, katta ilmiy xodim va ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy unvonlar toʻgʻrisidagi hujjatlar oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasida qoʻshimcha ekspertiza oʻtkazmasdan va boshqa sinovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi.

8. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlanishdagi davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishning yangi tartibini joriy qilish;

Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasi va Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish;

Innovatsion rivojlanish vazirligining amaldagi vazifa va funksiyalarini qayta koʻrib chiqib, uning faoliyat samaradorligini yana-da oshirish.

9. Jahon banki tomonidan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida respublikamizda innovatsion tizimni rivojlantirish, innovatsion faoliyat sohasidagi indikatorlarni yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida 50 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisidagi “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021-yil 1-yanvarga qadar:

Loyiha doirasidagi tashabbuslarni (loyihalarni) baholash va ekspertizadan oʻtkazish uchun Xalqaro ekspert kengashini (International Expert Board) tashkil etish;

Jahon banki talablariga asosan Loyiha doirasidagi tashabbuslarni (loyihalarni) amalga oshirishga koʻmaklashish, moliyaviy nazorat va hisobot tizimini yuritish maqsadida loyihani amalga oshirish guruhini tashkil etish choralarini koʻrsin;

2021-yilda “Oʻzbekiston ilmiy salohiyatini oshirish” loyihasini amalga oshirish uchun Jahon bankining qoʻshimcha 50 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻlarini jalb etish boʻyicha taklif kiritsin.

10. Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, masʼul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar Maqsadli parametrlarni amalga oshirish doirasidagi tegishli sarf-xarajatlar uchun Davlat byudjeti, tegishli mahalliy byudjetlar parametrlari va byudjetdan tashqari jamgʻarmalar doirasida mablagʻlar ajratsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ–4702-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlariga 2021-yil 1-yanvardan boshlab tegishli hududda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar soni, bir million aholi soniga toʻgʻri keladigan ilmiy tadqiqotchilar va olimlar soni, tijoratlashtirilgan ilmiy ishlanmalar soni va hajmi indikatorlari kiritilsin.

12. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar 2019-yilda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida yakunlangan ilmiy loyihalar natijadorligini puxta va har tomonlama tahlil qilish asosida yaratilgan muhim ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni bir necha bor koʻpaytirish boʻyicha ishlarni tashkil etish dasturini qabul qilsin.

13. Masʼul ijrochilar – tizimida ilmiy tashkilotlar mavjud boʻlgan davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari:

bir oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar va tadbirlarni amalga oshirishning 2020-2021-yillar uchun hamda har yil yakunida – kelgusi yil uchun chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar chora-tadbirlar rejalari va “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarning tegishli ravishda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar mazkur Farmonning ijrosi boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlanishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

14. Quyidagilar:

Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi (A.N.Aripov) zimmasiga – ushbu Farmonning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlash, Konsepsiya hamda “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish, masʼul rahbarlarning bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini kengash majlislarida bir yilda kamida ikki marotaba eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;

innovatsion rivojlanish vaziri (I.Yu.Abduraxmonov) zimmasiga – Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishishni taʼminlash, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi va innovatsion mahsulotlar turlarini kengaytirish faoliyatini muntazam ravishda muvofiqlashtirib borish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, masʼul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni shakllantirish asosida tegishli hududdagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash;

Fanlar akademiyasi prezidenti (B.S.Yuldashev) zimmasiga – Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlariga toʻliq moslashtirish, yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarning soni va joriy etish koʻlamini kengaytirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

15. Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi ikki hafta muddatda mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ilmiy jamoatchilik va aholi orasida keng yoritish boʻyicha 2020-yil yakuniga qadar chiqishlar va tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etish maqsadida tegishli davlat organlari va muassasalarining Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga biriktirilishini taʼminlasin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 29-oktyabr

O’zA