Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasiga tayanib, aʼzo davlatlarni 2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish dasturi doirasida aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishga taalluqli xalqaro va hududiy tavsiyalarni inobatga olgan holda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishni qatʼiy daʼvat etadi.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin taʼsir koʻrsatgan oʻzgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud maʼlumotlarni qoʻllashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish dasturini qoʻllab-quvvatlashini eʼtiborga olgan holda, shuningdek, aholi sonining aniq hisoblab chiqilishini taʼminlash, aniq belgilab qoʻyilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari boʻyicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olish oʻtkazilsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi 3-ilovaga muvofiq tarkibda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etilsin, ularning namunaviy tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonini nazorat qilish;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni moliyalashtirish, materiallarni qayta ishlashni tashkil etish va yakuniy natijalarni eʼlon qilish masalalari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni, ularning mehnatiga haq toʻlash masalalarini hal qilgan holda, jalb etishni tashkil etish;
tashkilotlarni, ularning mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish va hamkorlik samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga jalb qilish masalalarini koʻrib chiqish;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va masʼul ijrochilarni koʻrsatgan holda tashkil etish;
hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, shuningdek, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hududiy boʻlinmalarini va bu jarayonga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik taʼminlanganligini mustahkamlash masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;
hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni ragʻbatlantirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning maqsadlari, tartibi, davri va muddatlari;
ilgʻor xorijiy amaliyotda qabul qilingan zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazish;
aholini roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ishtiroki, ularning vazifalari, funksiyalari hamda javobgarligini koʻrsatish;
aholini roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazishda jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq toʻlashning aniq mexanizmlari va manbalarini belgilash;
aholini roʻyxatga olish yakunlarini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil etsin.
7. Vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli komissiyalar rahbarlari mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgarligi belgilab qoʻyilsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 5 fevral

 

OʻzА