2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatda davlat teatrlari, sirklari, muzeylari, hayvonot bog‘lari, konsert tashkilotlari, ijodiy jamoalari, madaniy-ma’rifiy muassasalari (keyingi o‘rinlarda davlat madaniyat muassasalari deb yuritiladi) va davlat arxivlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etilishi madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga, milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga, san’atni va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirishga, xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirishga, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etishga imkon berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi (keyingi o‘rinlarda – “O‘zarxiv” agentligi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondida bo‘lgan hujjatli madaniy meros obyektlarini hisobga olish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish yuzasidan choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, badiiy ijodni, jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish, xalq tarixi va uning zamonaviy hayotining eng yorqin sahifalarini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha belgilangan vazifalar madaniyat va arxivlar sohasidagi malakali kadrlarni rag‘batlantirmasdan ta’minlanishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining ijodiy mahoratini munosib baholashni ta’minlashga, kasbiy darajasini hamda malakasini uzluksiz oshirishi uchun rag‘batlantirish usullarini yaratishga yo‘naltirilgan mehnatiga haq to‘lash va moddiy ta’minotini yaxshilash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining:
2018-yil 1-iyundan davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma’muriy-boshqaruv, badiiy-rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining (keyingi o‘rinlarda – davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlarining xodimlari) mehnat haqi miqdorlarini o‘rtacha 45 foizga oshirish;
2018-yil 1-iyundan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlarini belgilashni nazarda tutuvchi mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda lavozim maoshlari o‘rtasidagi tafovutni ko‘paytirish hisobiga kasbiy o‘sishni rag‘batlantirish;
2018-yil 1-iyundan O‘zbekiston davlat sirki, hayvonot bog‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalari hamda davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalariga teatr-konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda har oyda taqdirlash puli to‘lanishini belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan mehnatga
haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimi joriy etilishi va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oyda taqdirlash puli to‘lanishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va tegishli davlat madaniyat muassasalari hamda davlat arxivlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini;
mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oylik taqdirlash puli belgilanadigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalari ro‘yxatini;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
4. 2018-yil 1-iyundan konsert-tomosha ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan, norezidentlarni) jalb etish yo‘li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 30 foizdan 5 foizgacha pasaytirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi
PQ–3454-son qaroriga 91-ilovaning rus tilidagi matnida 4-pozitsiyasi “Stavki naloga v % k nalogooblagayemoy baze” ustunidagi “30” raqami “5” raqami bilan almashtirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zarxiv” agentligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S.Sayfullayev va “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.B.A’lamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 14-may