Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha boʻlgan davrda mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin:
kichik tadbirkorlik subyektlari;
bozorlar va savdo komplekslari,kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, shuningdek, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmatlar koʻrsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar.
2. Kichik tadbirkorlik subyektlariga quyidagi summalarni hisobdan chiqarish koʻrinishida davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab‑quvvatlash taqdim etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969‑son va 2020-yil 3-apreldagi PF‑5978‑son farmonlariga asosan foizsiz kechiktirish (boʻlib‑boʻlib toʻlash) berilgan, 2020-yil aprel va may oylari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi summalari;
2020-yil 15-may holatiga yer soligʻi va mol‑mulk soligʻi boʻyicha 2020-yil 1-yanvardan boshlab hosil boʻlgan penya va jarimalar summalari.
3. Tadbirkorlik subyektlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash boʻyicha 120 kun muddatgacha kechiktirish olish huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam boʻlmagan davrda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga tovarlarni (isteʼmol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz soligʻini toʻlash muddatini 2020-yil 1-iyulgacha kechiktirishni qoʻllash huquqi, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan berilsin.
4. Belgilansinki, 2020-yilning 1-mayidan 1-iyuligacha boʻlgan davrda mikrofirma va kichik korxonalarga (aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi.
5. Mikrofirma va kichik korxonalarda 2020-yil 15-may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha mavjud boʻlgan qarzdorlikni undirish 2020-yil 1-sentyabrgacha toʻxtatilsin.
Davlat soliq xizmati organlari 2020-yil 15-may holatiga mikrofirma va kichik korxonalarning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish va oʻtkazish boʻyicha inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olsin.
Mikrofirma va kichik korxonalarga 2020-yil 15-may holatiga soliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha ijro etilmagan toʻlov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4701-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi resurslari hisobidan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kredit ajratilishi boʻyicha oʻtkazilayotgan eksperiment Toshkent shahriga tatbiq etilsin.
7. 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 2020-yil 1-iyundan boshlab qoʻshimcha 10 foizga oshirilsin.
8. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tomonidan quyidagi foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berish tarzida tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etilsin:
tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan investitsiyaviy kreditlar boʻyicha, Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizom talablarini hisobga olgan holda kredit shartnomasi amal qilishining birinchi yili davomida;
2020-yil 1-oktyabrga qadar tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun milliy valyutada 500 million soʻmgacha beriladigan kreditlar boʻyicha Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizom talablarini hisobga olgan holda kredit shartnomasi amal qilish muddati davomida 10 foizlik punkt miqdorida.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil koronavirus pandemiyasi davrida taqdim etilgan imtiyozlar va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarining toʻliq va oʻz vaqtida qoʻllanilishi ustidan monitoring oʻrnatsin va qonun buzganlik uchun javobgarlik choralarini qoʻllash boʻyicha takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, shuningdek, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga (zaruriyat boʻlganda) soliq imtiyozlari berilishi va ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonining oshishi natijasida olinmay qolinadigan daromadlar munosabati bilan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan subsidiyalar ajratsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 18-may