O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish, shuningdek, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni va malakali mutaxassislarni keng jalb qilish, o‘z biznesiga ega oilalarni ko‘paytirish maqsadida:
1. Quyidagilar respublikada zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini birinchi navbatda, unda yetishtiriladigan mahsulotlar bo‘yicha importni qisqartirish va zarur uskuna va texnikalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga tashkil etish;
issiqxona xo‘jaliklari uchun urug‘, ko‘chat va o‘g‘itlarning investorlar tomonidan doimiy yetkazib berilishini tashkil etish;
tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari uchun to‘liq agroservis xizmatlarini ko‘rsatish, malakali agronomlarni biriktirish hamda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda issiqxona xo‘jaliklari ishchilarini o‘qitish orqali soha bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash;
issiqxonalar hosildorligini va samaradorligini yil davomida hosil olish amaliyotini joriy etish orqali oshirish.
2. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining xorijiy va mahalliy investorlar (keyingi o‘rinlarda – investorlar) tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy va energiya tejamkor uskuna-jihozlardan foydalangan holda issiqxona xo‘jaligiga ega bo‘lish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholining (keyingi o‘rinlarda – tashabbuskor aholi) talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib:
tashabbuskor aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar (keyingi o‘rinlarda – issiqxonalar) barpo etish;
qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (keyingi o‘rinlarda – uy-issiqxona majmualari) tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
3. Uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin. Bunda, loyiha doirasida:
a) davlat sherigi:
qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarini investorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlov yakunlari bo‘yicha ijara huquqi asosida ajratadi;
uy-issiqxona majmuasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (jumladan gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortilishini ta’minlaydi;
mazkur qarorning 4 va 5-bandlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarni taqdim etadi;
b) investorlar:
loyiha-oldi va loyiha hujjatlarining (TIA, chizmalar va boshqalar) tayyorlanishi va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishga oid loyihalarning konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlarini “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda ishlab chiqadi;
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq qurilish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini o‘z mablag‘lari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi;
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab shartnomada kelishilgan muddatgacha yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarda sotish va hisobini yuritish ishlarini amalga oshiradi;
davlat sherigi va tashabbuskor aholi bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga amal qiladi;
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddat va miqdorda xizmat haqi to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va tashabbuskor aholi faoliyat yuritayotgan uy-issiqxona majmuasini davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga o‘tkazilgan holda bepul tarzda tashabbuskor aholiga belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlaydi;
v) tashabbuskor aholi:
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddatgacha tuzilgan shartnoma asosida uy-issiqxona majmualarida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi;
kelishilgan muddat yakunlanganidan so‘ng uy-issiqxona majmualarini mulk huquqi asosida, ular joylashgan yerni ijara huquqi asosida (ijara shartnomasining amal qilish muddatiga) bepul qabul qilib oladi hamda kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlaydi.
4. Belgilansinki:
a) tashabbuskor aholini tanlash investorlar va tuman hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
b) tashabbuskor aholi va investorlarning talablari hamda imkoniyatlaridan kelib chiqib, ular o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida issiqxonalar qurilishi ularning xonadonlari va tomorqalarida tomonlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
v) uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun:
investorlarning o‘z mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar jalb etiladi;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortish ishlari mahalliy hokimliklarning “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmalari asosida amalga oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida “Erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda yirik ishlab chiqarish loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash” yo‘nalishi uchun nazarda tutilgan markazlashgan kapital qo‘yilmalar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarida mahsulot yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4742-son qarorida belgilangan imtiyozlar va shart-sharoitlar tatbiq etiladi.
5. Quyidagilar:
uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021 yilning 31 dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023 yilning 31 dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatilsin.
Bunda, import qilinadigan tovarlarning O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilishi to‘g‘risida ekspertiza xulosasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan beriladi.
6. Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uy-issiqxona majmualarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha tuman hokimliklari, investorlar va tashabbuskor aholi o‘rtasida tuziladigan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning namunaviy shaklini tayyorlab, ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taqdim etsin. Bunda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning namunaviy shakliga uy-issiqxona majmuasidan investorlarning foydalanish muddati hamda uy-issiqxona majmuasida turar joy va issiqxonaning maydoniga oid va boshqa shartlar kiritiladi.
7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarini aniqlasin;
bitta maydonda kamida 100 ta uy-issiqxona majmuasining joylashtirilishini nazarda tutgan holda, ularning joylashtirilishi bo‘yicha manzilli dastur loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan manzilli dastur asosida investorlarga uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun yer maydonlarining belgilangan tartibda ijara huquqi asosida ajratilishini ta’minlasin.
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi uy-issiqxona majmualari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortish ishlarini moliyalashtirish maqsadida markazlashgan kapital qo‘yilmalar hisobidan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
a) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
xorijiy kompaniyalar va malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda Buxoro tumanida “Zamonaviy issiqxona xo‘jaligi” ko‘rgazmali seminarini tashkil etish hamda uning doirasida sohadagi muammo va yechimlarga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish;
issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida urug‘chilik, navchilik, laboratoriya va logistika masalalarini qamrab oladigan klaster tizimini joriy qilish;
sohadagi oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, ularda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish;
b) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili o‘tkaziladigan “Tashabbus” ko‘rik tanlovi doirasida “Eng ilg‘or issiqxona xo‘jaligi” nominatsiyasini joriy etsin;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarining ahamiyati, imkoniyatlari va qulayliklarini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilsin. Bunda issiqxona va uy-issiqxona majmualari faoliyatini yoritish hamda keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali nashrlar va uslubiy qo‘llanmalarni yaratish hamda aholiga tarqatish choralarini ko‘rsin.
Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.
10. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla”, “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar” va mahalliy telekanallarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini qurish, resurs tejovchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga oid maxsus ko‘rsatuvlar tashkil etilishini hamda muntazam namoyish etib borilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishda mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M.Xolxo‘jayev belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 7 iyun