O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University, keyingi o‘rinlarda – hamkor universitet) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

a) Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanganligi:

agrar sohani rivojlantirish, jahon tendensiyalarini va tajribasini aks ettirishga moslashgan “ilmga asoslangan, amaliyotga yo‘naltirilgan (science-based, practice-oriented) ta’lim” tamoyili asosida va milliy an’analar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlash;

ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, agrotexnologiya va ekologik barqarorlik amaliyotlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida biznes va operativ samaradorlikni ishlab chiqishni qamrab oladigan ilmiy tadqiqotlar olib borish;

qishloq xo‘jaligi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda o‘quv tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;

xorijiy oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlari va loyihalarni amalga oshirish;

b) Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Universitet O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlarga ega bo‘ladi;

Universitet tomonidan beriladigan diplom O‘zbekiston Respublikasida tan olinadi;

Universitetda ta’lim grant va to‘lovkontrakt asosida amalga oshiriladi;

Universitet jalb etilgan xorijiy mutaxassislar, mahalliy xodimlarning ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini mustaqil belgilaydi;

Universitet rektori Kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bunda Universitet rektori O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ko‘rsatiladi.

4. Universitetga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–60-son va “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–61-son qarorlarida belgilangan akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq qilinadi.

5. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Universitetda davlat muassasasi shaklidagi xo‘jalik hisobidan moliyalashtiriladigan Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat va xususiy sektorda faoliyat yurituvchi soha vakillari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini xorijiy tajribalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

mahalliy qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy va professional ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy salohiyatni yuksaltirishga hissa qo‘shish, jumladan, tadqiqotchilar uchun zamonaviy tadqiqotlar olib borish va nufuzli jurnallarda maqolalar chop etishni qo‘llab-quvvatlovchi o‘quv kurslari tashkil etish;

xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini aniqlash uchun doimiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022 yil yakuniga qadar Universitetda xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazini tashkil etsin.

7. Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining Kuzatuv kengashi  tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning vakolatlari etib quyidagilar belgilansin:

Universitetga talabalarni qabul qilish parametrlarini, Universitetdagi ta’lim shakli, turi va тилиni belgilash;

Universitetda yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini, shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha doktorantura ixtisosliklarini ochish;

Universitet rahbariyati va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilarini ishga qabul qilish tartibini belgilash, shuningdek,  ularning faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

xorijiy va mahalliy yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan talabalarning akademik mobilligini ta’minlash hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish;

Universitetni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli strategik rejalarini tasdiqlash;

bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni o‘qishga qabul qilishda test sinovlari topshiriladigan fanlar majmuasini va o‘qish uchun to‘lov miqdorini belgilash;

Universitetning o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

Universitetning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;

qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

8. Universitet faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Yevropa Иттифоқиniнg qishloq xo‘jaligi sohasi uchun byudjet ko‘magi dasturidan 6 million AQSH dollari miqdoridagi va Jahon bankining 11 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik, ilmiy faoliyat va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va muassislar mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev):

abir oy muddatda Universitet ustavining tasdiqlanishi va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin. Bunda:

xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ysin;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul jarayonini tashkil etsin;

Universitetning vaqtinchalik binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasini ishlab chiqsin, o‘rnatilgan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazsin hamda xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘lari hisobidan binoda ta’mirlash-qurilish ishlarini tashkillashtirsin;

zarur bo‘lgan o‘quv, ilmiy laboratoriyalar, o‘quv adabiyotlari ro‘yxatini shakllantirsin va xaridini tashkil etish choralarini ko‘rsin;

Universitetni tashkil etish davrida uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy, yuridik, iqtisodiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etishda ko‘maklashsin;

buch oy muddatda:

Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi sohasi uchun byudjet ko‘magi dasturidan 300 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan Universitet professor-o‘qituvchilarini qisqa muddatli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida bitimlarni imzolasin;

soha mutaxassislarini, shuningdek, fermer xo‘jaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini tasdiqlasin;

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;

v) Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin va uning faoliyatini 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘ysin;

g2024/2025 o‘quv yiliga qadar xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘lari hisobidan yetakchi loyiha va pudratchi kompaniyalarni jalb etgan holda Universitet yangi o‘quv kampusi qurilishini ta’minlasin.

12. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oliy attestatsiya komissiyasining 2023 yil 1 yanvardan boshlab Universitet ilmiy salohiyatini oshirish uchun belgilangan tartibda ixtisoslashgan ilmiy kengash tuzish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda ixtisoslashgan ilmiy kengash a’zolarining 50 foizi xalqaro hamkorlar va xorijiy vatandoshlar orasidan tanlanadi.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Universitetni Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar shaharchasi, Universitet ko‘chasi, 2-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirsin.

Yangi bino qurilgunga qadar Universitetga Toshkent davlat agrar universitetining sport majmuasi, talabalar turar joyi hamda o‘quv laboratoriyalaridan vaqtincha foydalanishga ruxsat berilsin.

14. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligining viza talabnomalariga binoan Universitetga taklif qilinadigan chet ellik professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar hamda ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

15. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) bilan birgalikda hududlarda Universitet faoliyati va 2022/2023 o‘quv yili uchun qabulni samarali tashkil etish maqsadida targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin.

16. “El-yurt umidi” jamg‘armasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) bilan birgalikda Universitetning mahalliy professor-o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalarini “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va o‘qishga yuborish choralarini ko‘rsin.

17. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

18. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                      Sh. MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 7 may