Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

farmoni

Dunyoda koronavirus pandemiyasi xavfining tobora kuchayib borayotgani yuqumli kasalliklar, shu jumladan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish faoliyatidagi yondashuvlarni hamda sanitariya-epidemiologiya xizmatining institutsional asoslari va tashkiliy tuzilmasini hozirgi murakkab sharoit va orttirilgan tajribalardan kelib chiqib takomillashtirishni talab etmoqda.
Ayniqsa, kasalliklarning oldini olish va ularni profilaktika qilish, erta aniqlash, toʻgʻri tashxis qilish va davolashda sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari (qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar, tez yordam stansiyalari va shoshilinch tibbiy yordam muassasalari) oʻrtasida tuzilmaviy bogʻliqlik va oʻzaro hamjihatlikdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyish zarur.

Shuningdek, jamoat salomatligini saqlashda kasalliklar profilaktikasi, inson immunitetini mustahkamlash, buning uchun avvalam bor toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishni tizimli tashkil etish hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligini taʼminlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizimini yaratish, sanitariya-epidemiologiya xizmatining yaqin va oʻrta istiqboldagi rivojlanishini belgilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash (zamonaviy laboratoriyalar, asbob-uskunalar, maxsus texnika, test tizimlari, himoya vositalari va boshqalar), soha uchun kadrlarni tayyorlash va jalb qilish maqsadida:

1. Mamlakatda koronavirus pandemiyasi kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi (A.N. Aripov) aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash boʻyicha quyidagi kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda besh kun muddatda hududlarda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqib:

mahallalar va aholi xonadonlarida yuqumli kasalliklar, shu jumladan koronavirusning oldini olish, simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar va ular bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha har bir oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlarni tashkil qilsin;

mobil guruhlar tarkibiga birinchi navbatda malakali shifokor yoki infeksionist hamda patronaj hamshirasi kiritilishini taʼminlasin;

Moliya vazirligini jalb qilgan holda mobil guruhlarni dori-darmon, aloqa, transport vositalari va boshqa zarur asbob-uskuna va anjomlar (shaxsiy himoya vositalari, pulsoksimetr, pirometr va boshqalar) bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

mobil guruhlar uchun soddalashtirilgan yoʻriqnomani ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini tizimli yoʻlga qoʻyish, laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishda tirbandlikning oldini olish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlili usullari kiritilishini taʼminlasin;

b) alohida xizmat koʻrsatish tashkil etilgan tibbiyot muassasalari, ulardagi boʻsh koykalar soni, kasallarni qabul qilish holati, kasallikka chalingan va tibbiyot muassasalarida hamda boshqa ruxsat etilgan hududlarda davolanayotgan bemorlar soni, ularning holati, dori vositalari, shuningdek, zarur laboratoriya va tibbiyot anjomlari va texnikasining mavjudligi hamda holati yuzasidan maʼlumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishini taʼminlasin;

v) aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini uch kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish choralarini koʻrsin;

g) oʻn besh kun muddatda tibbiyot muassasalari oʻrtasidagi axborot almashish tizimini soddalashtirish maqsadida hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qogʻozbozliklar bilan bogʻliq jarayonlarni elektron tizimga oʻtkazish orqali keskin qisqartirilishini taʼminlasin;

d) qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga uy sharoitida yordam koʻrsatishning quyidagi tartibini joriy qilsin:

har bir oilaviy poliklinika kesimida umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi uchun aniq xonadonlar taqsimlanadi hamda umumiy nazorat oilaviy poliklinika mudiri tomonidan amalga oshiriladi;

har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tajribali shifokorlardan iborat boʻlgan kasallikka chalingan bemorlarni saralash va evakuatsiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlari tuziladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida birlamchi boʻgʻin shifokorlari bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining vrachlari operativ maslahatlashish va bemorlar ahvolini toʻgʻri baholay olish imkonini beradigan aloqa tizimi oʻrnatiladi;

oilaviy poliklinika mudiri har kuni kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar, ular bilan muloqotda boʻlgan shaxslar soni, ahvoli, shuningdek, davolash muolajalarini olayotgan bemorlarda kasallik kechish dinamikasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni telefon yoki onlayn videoaloqa tizimi orqali tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining oilaviy poliklinikalar boʻyicha koordinatoriga yetkazib boradi;

uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ahvoli dinamikasida salbiy oʻzgarishlar kuzatilgan taqdirda mobil guruhga murojaat qilib, bemorni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga tegishli boʻlgan tibbiyot muassasalariga yotqizish choralarini koʻradi;

ye) sohada kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini soddalashtirish maqsadida:

ikki hafta muddatda qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalardagi mavjud kichik va oʻrta tibbiy xodimlar vakant joylari tibbiyot taʼlim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega boʻlgan shaxslar orasidan toʻliq toʻldirilishini taʼminlasin;

oʻn besh kun muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda tibbiyot muassasalari umumiy klinik laboratoriyalarining vrach-laborantlarini virusologiya laboratoriyalarida faoliyat koʻrsatishi uchun tayyorlash, shu jumladan amaliy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilsin;

yigirma kun muddatda respublikadagi oliy taʼlim muassasalarining “Biologiya” taʼlim yoʻnalishini tugatgan bitiruvchilarini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va uning hududiy filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning hududiy filiallari, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarida virusologiya laboratoriyasining vrach-laboranti mutaxassisligi boʻyicha bir oylik qayta tayyorlash kurslarini yoʻlga qoʻysin. Bunda, mazkur kurslar onlayn tarzda oʻtkazilib, oliy taʼlim muassasalarining
oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
koronavirus pandemiyasini bartaraf etish boʻyicha eʼlon qilingan karantin tadbirlari yakuniga qadar barcha tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarini 1 yilgacha boʻlgan muddatga vaziyat ogʻir boʻlgan hududlarga jalb qilinishini taʼminlasin. Bunda vaziyat ogʻir boʻlgan hududlarga jalb qilinayotgan mutaxassislar uchun uy-joy
va boshqa qulay sharoitlar yaratish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
yigirma kun muddatda Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi hududiy boʻlinmalarining tibbiy xodimlarini “valeolog” mutaxassisligiga qayta ixtisoslashtirish boʻyicha bir oylik qisqa muddatli onlayn kurslarini tashkil qilsin;
j) Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini (qishloq vrachlik punktlari, oilaviy polikliniklar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar) jalb qilgan holda aholining keng qatlamlari va har bir xonadonda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, tibbiy madaniyatni rivojlantirish, jismoniy tarbiya, sport va toʻgʻri ovqatlanishni faol targʻib qilish boʻyicha doimiy ravishda zarur choralar koʻrib borilishini taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-maydagi “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4310-son qarori bilan ehtiyoj yuqori boʻlgan tor mutaxassisliklar boʻyicha shifokorlarni birlamchi tibbiyot-sanitariya muassasalari uchun bir yildan kam boʻlmagan muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilganligi inobatga olinsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 15-avgustga qadar birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olayotgan umumiy amaliyot shifokorlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini ishlab chiqsin va joriy qilsin;

2020-yil 20-avgustga qadar birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olish uchun shifokorlar mutaxassisliklari roʻyxatini tasdiqlasin;

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarini (internatura) toʻliq joriy qilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (keyingi oʻrinlarda – Sanitariya-epidemiologiya xizmati), uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari tashkil etilsin.

Belgilansinki, Sanitariya-epidemiologiya xizmati uning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar bilan birga yaxlit tizimni tashkil qiladi.

4. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanishi tatbiq etilsin.

Vazirlar Mahkamasi Sanitariya-epidemiologiya xizmatining jozibadorligini oshirish va tizimga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida 2020-yil 1-dekabrga qadar pandemiyadan keyingi davrda ham tibbiyot va Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining mehnatiga haq toʻlashning yangilangan tizimini tasdiqlasin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yana-da ragʻbatlantirish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4695-son qarorining 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga qoʻshimcha haq toʻlash shartlari Sanitariya-epidemiologiya xizmatining xodimlariga qoʻllaniladi.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qoʻshimcha ravishda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlganda lavozim maoshiga – 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega boʻlganda – 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalari:

bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi;

rahbar xodimlarining ish haqi byudjet mablagʻlari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;

b) Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga moddiy-texnika bazasini yaxshilash va xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida aholiga pullik asosda (laboratoriya xizmati, sertifikatsiya, ekspertiza va boshqalar) xizmat koʻrsatish huquqi beriladi;

v) Sanitariya-epidemiologiya xizmati Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan mablagʻlar, ularning sarflanish yoʻnalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan maʼlumotlarni har oy yakuni boʻyicha jamoatchilikka eʼlon qiladi va oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.

6. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari Maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy boʻlinmalarining byudjetdan tashqari hisob raqamlaridagi barcha qoldiq mablagʻlari Jamgʻarmaga toʻliq oʻtkaziladi.

7. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

sanitariya-epidemiologiya qonunchiligini buzganlik uchun qoʻllanilgan jarimalar va jarimalarni toʻlash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablagʻlarning 50 foizi (nazorat tadbirlari boshqa davlat organlari bilan birgalikda amalga oshirilganda, jarima hamda jarimalarni toʻlash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablagʻlarning 25 foizi);

idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushumlarning ularni amalga oshirishga ketgan jami xarajatlar qoplangandan keyin qolgan summasining 15 foizi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash, shu jumladan uy-joyni ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, shuningdek, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining farmoyish berish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish.

9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, Davlat byudjetining 1,7 mlrd soʻm va xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma va investitsiya banki) jalb qilingan 194,5 mln AQSH dollari mablagʻlari hisobidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tarkibiy tuzilmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, yuqori texnologiyali asbob-anjomlar, apparaturalar, jihozlar, maxsus texnika, sarflovchi va boshqa vositalar bilan taʼminlanishi belgilab qoʻyilsin.

Belgilansinki, chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xarid qilinayotgan asosiy vositalar, qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq Vazirlar Mahkamasi (B.A.Musayev) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xarid qilinayotgan asosiy vositalar, qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha jalb qilinayotgan xalqaro moliya institutlari mablagʻlarining toʻgʻri va toʻliq oʻzlashtirilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritsin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni boshqarish guruhlarini birlashtirish va yagona Sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish guruhini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. 2020–2025-yillarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq qayta koʻrib chiqish jarayoniga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlarni jalb qilsin.

12. Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat byudjeti mablagʻlari;

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

13. 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga ularning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini oʻrganish va tahlillar natijalariga asosan “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi”ni (keyingi oʻrinlarda – Belgi) berish amaliyoti joriy qilinsin.

Belgilansinki:

Belgi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan uch xil turdagi – “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar boʻyicha 12 oy muddatgacha beriladi;

yashil” toifadagi Belgiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan oʻrganilishi va tekshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno). Bunda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz obyektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma obyektlari “yashil” toifadagi Belgiga ega boʻlgan obyektlarga tenglashtiriladi;

Belgi tadbirkorlik subyektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda davlat organlari tashabbusi bilan (majburiy) beriladi;

tadbirkorlik subyektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) Belgini olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hamda pullik asosda amalga oshiriladi. Bunda, koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun olinadigan daromad Sanitariya-epidemiologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va xodimlarni ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va Savdo-sanoat palatasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020-yil 15-oktyabrga qadar Belgini berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etilayotganligi munosabati bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy boʻlinmalari tugatilsin.
Belgilansinki, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari – tegishincha Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi
va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, shuningdek, ularning hududiy boʻlinmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi.

15. 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida “Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi” fakulteti tashkil etilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:

bir oy muddatda tegishli tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida “Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi” fakulteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida sanitariya-gigiyena va epidemiologiya hamda mikrobiologiya yoʻnalishidagi filiallar, shuningdek, xalqaro fakultetlar ochilishini taʼminlasin.

16. Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-noyabrga qadar sodir boʻlgan favqulodda hodisa, tabiiy ofatlar, pandemiya davrida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va orttirilgan tajribadan kelib chiqib, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi va “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

Bunda, loyihalarda yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo boʻlishi va tarqalishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega ofatlar sodir boʻlishi xavfi yuzaga kelgan sharoitda aholining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼul tashkilotlarning oʻzaro hamkorligi boʻyicha batafsil “harakatlar algoritmi” va amalga oshirilishi lozim boʻlgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5814-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

18. Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov
va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                                       Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

25-iyul 2020-yil

 

O’zA