Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham aholining sogʻligʻi, jismonan salomatligi, sogʻlom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini koʻrsatdi.

COVID-19 koronavirus infeksiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada, bugungi pandemiya oramizdan koʻplab fuqarolarimizni bevaqt dunyodan koʻz yumishiga sabab boʻldi.

Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilgan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shugʻullanish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, xususan, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini meʼyoridan ortiq isteʼmol qilmaslikni, bir soʻz bilan aytganda, sogʻlom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarur ekanligini bugungi davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish hamda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo boʻlishini taʼminlash, zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish, bu borada tegishli infratuzilma va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

har bir oila, mahalla va tuman (shahar)da, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish;

ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish;

aholi turli guruhlarining sogʻlom ovqatlanishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishni taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratish, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini isteʼmol qilishni qisqartirish, zararli odatlardan, xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishdan voz kechish yoʻli bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etishni kamaytirish;

aholi oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish madaniyatini keng targʻib qilish, shu jumladan, tartibsiz va kechki uyqu oldidan ovqatlanish odatlaridan voz kechish;

sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini oilalar, mahallalar, maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim muassasalari darajasida sogʻlom turmush tarzining ajralmas qismi sifatida targʻib qilish;

maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida, korxona, tashkilot va boshqa turdagi barcha muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish.

2. Respublikada aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 2021-yildan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard soʻmdan;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 2021-yildan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 10 milliard soʻmdan mablagʻlar ajratiladi.

4. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasini yaratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

Oʻzbekiston hududida bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming soʻmdan;

har oyda har bir tuman (shahar) boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 300 ming soʻmdan, har bir hudud boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 500 ming soʻmrespublika boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 1 million soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkaziladi.

Belgilansinki:

“Sogʻlom turmush tarzi” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat koʻrsatish va keyinchalik modernizatsiyalash boʻyicha buyurtmachining funksiyalari Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatiladi;

“Sogʻlom turmush tarzi” platformasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IT-park direksiyasi rezidentlari bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishlab chiqiladi va doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlanadi.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 15-noyabrga qadar har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda
va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari”ni tashkil etish boʻyicha tegishli loyihalarni ishlab chiqib, keng jamoatchilik muhokamasiga joylashtirsin, 2021-yil 1-yanvardan boshlab qurilish ishlarini boshlasin va 2021-yil 1-mayga qadar tugatsin.

Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

piyodalar va velosiped yoʻlaklarining umumiy uzunligi 3-5 kilometrni tashkil etishi hamda oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlishi;

zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorugʻlik qaytaruvchi, yoʻlaklarning boshlanishi, oraligʻi va yakunini koʻrsatuvchi yoʻl belgilari bilan toʻliq taʼminlanishi;

piyodalar va velosiped yoʻlaklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlari yaratilishi hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “toʻsiqsiz muhit” tashkil etilishi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil uchun investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qoʻyilmalar hisobidan markaziy koʻchalarni modernizatsiya qilish uchun jami 1,4 trillion soʻm mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

6. Toshkent shahar hokimligi 2021-yil davomida bosqichma-bosqich barcha tumanlarda aholi uchun qulay boʻlgan koʻchalarda umumiy uzunligi 50 kilometr boʻlgan piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari”ni tashkil etsin.

Mazkur maqsadlar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Toshkent shahar hokimligiga 2023-2024-yillarda qaytarish sharti bilan 20 million AQSH dollari miqdorida foizsiz ssuda ajratsin.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, 2022-yildan boshlab Nukus, Buxoro, Nurafshon, Samarqand, Termiz, Xiva, Shahrisabz va Qoʻqon shaharlarida hamda 2023-yildan boshlab respublikaning barcha yirik shaharlarida piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari” tashkil etilishi taʼminlansin.

7. Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-iyunga qadar yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini hamda paralimpiya harakatini rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb qilish, “Sogʻlom ayol – buyuk kelajak” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shugʻullanishga jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlash toʻgʻrisida Hukumat qarorlarini qabul qilsin.

8. Qurilish vazirligi 2021-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda yangidan barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylarni qurish boʻyicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritsin:

aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport (shu jumladan, Workout) maydonchalarini tashkil etish;

mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bogʻlovchi avtomobil yoʻllari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun moʻljallangan “Salomatlik yoʻlaklari”ni qurish;

avtomobil harakati yuqori boʻlgan va katta yoʻl kesishmalarida aholiga qulay oʻtish joylarini barpo etish.

9. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

har chorakda har bir tuman (shahar)da “Sogʻlom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovini tashkil etsin;

bir oy muddatda tanlovni oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Bunda, mahalla aholisi doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga jalb etilishi, sogʻlom ovqatlanish va sogʻlom turmush tarziga rioya etilishi, mahallada zarur sport infratuzilmasi mavjudligi, oʻtkazilgan musobaqalar soni, mahalla aholisining kasallanish darajasi pasayib borishi koʻrsatkichlari nazarda tutilsin;

“Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan tanlovda birinchi oʻrinni egallagan mahallaga 10 million soʻmikkinchi oʻrin uchun 5 million soʻm va uchinchi oʻringa 3 million soʻm miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishini taʼminlasin.

Belgilab qoʻyilsinki, pul mukofoti mablagʻlari mahalla fuqarolar yigʻinlarining tijorat bankida ochilgan hisobraqamiga oʻtkaziladi hamda mahallada sport maydonchalarini tashkil etish va ularni jihozlash, sport tadbirlarini oʻtkazish maqsadlariga istisno tariqasida tender savdolarisiz yoʻnaltiriladi.

10. Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov va A.Abduxakimov 2020-yil 1-noyabrga qadar Xalq taʼlimi vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining takliflariga asosan 2021-yilda:

umumtaʼlim maktablariga 50 ta sport zali qurilishi uchun 100 milliard soʻm;

sport taʼlim muassasalariga 48 ta sport inshooti qurilishi uchun 400 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin va tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.

11. Xalq taʼlimi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 2021-yil 10-aprelga qadar 2022-2023-yillarga moʻljallangan umumtaʼlim maktablarini sport zallari bilan toʻliq taʼminlash, har bir tuman(shahar)da moddiy-texnika bazasiga ega boʻlgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlarini qurish va jihozlash dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, kelgusi yillarda umumtaʼlim maktablari sport zallari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining sport inshootlarini qurish parametrlarini sezilarli oshirib borsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi jamoa shartnomalarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlarga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.

13. 2021-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida:

sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yoʻlga qoʻyilsin;

ish vaqtidan soʻng tanlangan kunlarda (haftada kamida bir marta) rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shugʻullanishi taʼminlansin;

har shanba soat 14:00 dan keyin xodimlar va ularning oila aʼzolari oʻrtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari boʻyicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etilsin. Bunda, musobaqalar bayramona ruhda, “shou” koʻrinishida oʻtkazilishiga, gʻolib va sovrindorlar munosib ragʻbatlantirilishiga alohida eʼtibor qaratilsin;

mehnat jamoasining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni (trenajyor zali, “Workout” maydonchasi, sport maydonchalari va xonalari, sport mashgʻulotlari va musobaqalari) moliyalashtirish davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin;

birinchi rahbarlar “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida oʻzlarining antropometrik koʻrsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik koʻrsatkichlari yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, gazeta, Internet tarmogʻi) orqali bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sogʻlom turmush tarziga amal qilishning ahamiyati muntazam ravishda yoritib borilishini taʼminlasin.

14. Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduxakimov Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyuldan boshlab:

vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik koʻrsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa oʻtkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimini;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hududda ommaviy sport bilan shugʻullanuvchilar sonining oshishiga, sogʻlom ovqatlanishiga, xususan, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini isteʼmol qilishni qisqartirishga, zararli odatlardan, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishdan voz kechish yoʻli bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etish koʻrsatkichlari kamayishiga qarab ishiga baho berish boʻyicha reytingini raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini joriy etsin hamda “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduxakimov tomonidan taqdim etilgan reyting koʻrsatkichlari asosida:

reyting koʻrsatkichlari eng past boʻlgan davlat organlari rahbarlarining faoliyatini har yarim yillikda tanqidiy muhokama qilish;

reyting koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan davlat organlari rahbarlarini ragʻbatlantirish tizimini joriy etish tavsiya etilsin.

16. Xalq taʼlimi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda umumtaʼlim, professional va oliy taʼlim muassasalarida darslar oraligʻida (katta tanaffus vaqtida) “Sport daqiqasi” jismoniy mashqlari, darslar boshlanishidan oldin 2 daqiqa nafas olish mashqlarini oʻtkazishni amaliyotga joriy etsin;

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar, talabalarning yosh toifasiga qarab ularning jismoniy koʻrsatkichlarini (yugurish, otish, sakrash, tortilish) baholash mezonlarini ishlab chiqib, “Kundalik” reyting daftariga alohida sahifada kiritsin hamda har chorak tahlillari va natijalari aks ettirilishini taʼminlasin.

17. Bosh vazir oʻrinbosari B.Musayev Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻquv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada 2 soatdan oʻqitishni tashkil etsin.

18. Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) bir oy muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning vrach va oʻrta tibbiy xodimlarini diyetologiya boʻyicha tayyorlash, shu jumladan, amaliy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilsin;

b) 2021-yil 1-martga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ortiqcha vaznga ega boʻlgan shaxslar uchun oʻrtacha kunlik ovqatlanish meʼyori va ratsioni hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqsin va uni aholi orasida doimiy targʻib qilib borsin;

v) quyidagilarni:

maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tibbiyot xodimlari hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridan umumtaʼlim maktablariga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan tarbiyalanuvchilar va oʻquvchilar sogʻligʻi va jismoniy kamoloti doimiy ravishda nazoratga olinishini, ularning sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishini, badantarbiya mashqlari oʻtkazishini va muntazam ravishda sport bilan shugʻullanishini, sogʻlom turmush tarzi targʻib qilinishini, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishini, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilishini;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori meʼyoridan ortiq boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklar, non mahsulotlari isteʼmolini kamaytirish boʻyicha oilalar oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borishni;

2021-yil 1-martga qadar tibbiyot xodimlari tomonidan bolalarning sogʻligʻini inobatga olgan holda, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi ustidan nazorat oʻrnatilishini va bolalarning salomatligi asosida tibbiy-sogʻlomlashtirish guruhlariga ajratilishini hamda shunga qarab jismoniy chiniqtirish miqdori belgilanishini taʼminlasin;

g) Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda bolalarning jismoniy rivojlanishini baholash uchun raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini ishlab chiqsin.

19. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yilga qadar hududiy va tegishli tarmoq dasturlari doirasida taʼlim muassasalarini, xususan, maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim va sport muassasalarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

20. Moliya vazirligi:

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Maktabgacha taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan roʻyxat asosida maktabgacha va umumtaʼlim muassasalarini birlamchi sport jihozlari va anjomlari bilan taʼminlash xarajatlari uchun Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlarni nazarda tutsin, bunda ushbu maqsadlar uchun 2021-yilda har bir davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga 2 million soʻmdan, umumtaʼlim muassasasiga 5 million soʻmdan ajratsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar aholi salomatligi uchun zararli boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga maxsus yigʻim joriy etish va ushbu tushumlarning bir qismini “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini saqlash xarajatlarini hamda mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan toʻlovlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

jismoniy tarbiya va sport muassasalarida markazlashgan tartibda raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, barcha tizim tashkilotlariga yagona elektron dasturiy taʼminotni yaratish boʻyicha texnik talablarni ishlab chiqish uchun mablagʻ ajratsin.

21. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni boʻyicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho beriladi.

22. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hududlarda xususiy tadbirkorlar tomonidan barpo etilgan sport inshootlari bazasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sport muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yoki davlat sport muassasalari faoliyati turini oʻzgartirmaslik sharti bilan ularni xususiylashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqib, 2021-yil 1-martga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, talab yuqori boʻlgan sport turini tanlab olib, mazkur yoʻnalishdagi muassasalarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tashkil etish, saqlash va moliyalashtirishni bosqichma-bosqich qisqartirish, davlat sport muassasalarining boʻsh yer maydonlarida sport maydonchalari va inshootlari, mehmonxonalar, sport kiyimlari va jihozlarini sotishga moʻljallangan doʻkonlar, sogʻlom ovqatlanish va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, fitobarlar, fitnes markazlari uchun binolar qurilishiga ruxsat berilishini nazarda tutsin.

23. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab har yili:

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar uchun 10 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda grant mablagʻlari;

jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy salohiyatga ega boʻlgan kadrlar ulushini oshirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalariga tayanch doktorantura va doktorantura uchun kamida 10 ta oʻrin ajratilishini taʼminlasin.

24. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Polvonlar milliy markazi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar respublika hududlarida ekspeditsiya tashkil qilgan holda milliy sport turlari hamda xalq oʻyinlari tarixini oʻrganish asosida “Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlasin va chop etsin.

Belgilansinki, “Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlash va chop etish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

25. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda tuz, qand va yogʻ miqdori meʼyoridan ortiq boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasiga quyidagi cheklovlar oʻrnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin:

taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport muassasalari hududida hamda jamoat transportida reklama qilish;

bolalar, animatsion personajlar va bolalar koʻrsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama qilish;

ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun moʻljallangan koʻrsatuvlardan 30 daqiqa oldin va keyin namoyish qilish.

26. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

a) muntazam ravishda:

yoshlar, xususan, bogʻcha yoshidagi bolalarda jismoniy tarbiya va sport tushunchasini paydo qilish va ularni qiziqtirish maqsadida “Bolalikdan sportga”“Tonggi gimnastika”, umumtaʼlim maktablarida “Biz bilan bajar, bizdek bajar, bizdan yaxshiroq bajar!”, “Quvnoq startlar” sinflararo, “Katta yoshdagilar uchun aerobika”“Boshlangʻich yoga mashgʻulotlari”“Ortiqcha vazndan voz kech!” kabi sport mashgʻulotlarini hamda oilalar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Otam, onam va men – sportchilar oilasi!” televizion sport musobaqalarini telekanallarda namoyish etish;

barcha telekanallar, shu jumladan, xususiy telekanallar efirida har kuni uch marta (soat 7:00, 12:00 va 17:00 da) nufuzli sport musobaqalari gʻolib va sovrindorlari ishtirokidagi 5 daqiqadan iborat ommaviy badantarbiya mashgʻulotlarini uzatish;

ayollar va keksalar uchun sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha “Sogʻlom turmush tarzi” koʻrsatuvlarini namoyish etish;

b) 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Sport” telekanalida:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi, xodimlar va ularning oila aʼzolari oʻrtasidagi ommaviy sport musobaqalarini, shuningdek, mazkur Farmon doirasida oʻtkazilayotgan sport musobaqalarini doimiy ravishda yoritib borish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmon ijrosi asosida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, ularda faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlar, aholining antropometrik (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa oʻtkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash koʻrsatkichlari reytingi natijalarini yoritib borish;

v) mazkur Farmonning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida barcha davlat va xususiy telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda hamda blogerlar ishtirokida tanqidiy muhokamalar tashkil qilish va yoritish tavsiya etilsin.

27. Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

28. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman, shahar hokimliklari, davlat organlari va tashkilotlari:

har yili 1-dekabrga qadar keyingi yil uchun yil davomida oʻtkaziladigan haftalik musobaqalarni oʻtkazish kalendar rejasini tasdiqlasin;

yillik xarajatlar smetasini shakllantirishda mazkur maqsadlar uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

29. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Andijon va Samarqand viloyatlari hokimliklarining Andijon shahridagi markaziy stadion nomini “Bobur Arena”, Samarqand shahridagi markaziy stadion nomini “Afrosiyob Arena” deb nomlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi orasida soʻrov oʻtkazish orqali hududlardagi yirik sport inshootlariga ular joylashgan hudud xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek, Oʻzbekiston tarixi va sportida nom qoldirgan tarixiy shaxslarning nomlari berilishini tashkil etsin.

30. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
va Senatining barcha qoʻmitalar, deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻrtasida “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.

31. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishga doir Hukumat qarorini tasdiqlasin.

32. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

33. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

34. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 30-oktabr