Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublikada moliya bozorini yanada rivojlantirish, aholini sifatli moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olish koʻlamini kengaytirish, sugʻurta tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohada isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga islohotlarning hozirgi bosqichida iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga, aholi hayotining sifati va darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan moliyaviy xizmatlarni faol rivojlantirish respublikada sugʻurta bozorining rolini kuchaytirishni va sugʻurta vositalarini keng qoʻllashni taqozo etmoqda.

Milliy sugʻurta bozorini yanada isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash, sugʻurta xizmatlarining talab yuqori boʻlgan yangi turlarini joriy etish, isteʼmolchilarning sugʻurta bozoriga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturiga muvofiq:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

sugʻurta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini hamda ushbu sohadagi eng yaxshi jahon tajribalarini izchil joriy etish;

tartibga solish va prudensial nazoratning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali sugʻurta bozorining ishonchliligi va barqarorligini taʼminlashga qaratilgan sugʻurta faoliyatini tartibga solish tizimini institutsional rivojlantirish;

sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, toʻlov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning aktivlari sifatini yaxshilash, shuningdek, sugʻurtalovchilarning investitsiya faoliyatini rivojlantirish;

sugʻurta brokerlari faoliyatini faollashtirish, sugʻurta agentlarining ishlash tizimini takomillashtirish, banksugʻurta mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, umuman sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining rolini oshirish orqali sugʻurta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish;

sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilari va sugʻurta faoliyatining boshqa subyektlari huquqlari himoyasini kuchaytirish, aholining sugʻurta savodxonligini va sugʻurtaga boʻlgan ishonchini oshirish, sugʻurta bozorining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;

yangi innovatsion sugʻurta mahsulotlarini joriy etish va talab yuqori boʻlgan anʼanaviy mahsulotlarni rivojlantirish orqali koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari hajmlarini, turlarini kengaytirish va sifatini oshirish;

sugʻurta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasidazamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sugʻurta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish;

sugʻurta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sugʻurta sohasida taʼlim berishning zamonaviy usullarini qoʻllash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini ragʻbatlantirish;
milliy sugʻurta bozorining ijobiy imijini shakllantirish va yuqori darajada ushlab turish hamda investitsiyaviy jozibadorligini, shu jumladan, milliy sugʻurta bozorini xalqaro va xorijiy sugʻurta bozorlari bilan integratsiyalash orqali oshirish.

2. Quyidagilar:

2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”(keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

2019-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini jadal rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish, shuningdek, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:

sugʻurtalovchilarning sugʻurta faoliyati turlariga bogʻliq holda differensiatsiyalangan ustav kapitali minimal miqdorlarini 3-ilovaga muvofiq 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich oshirish toʻgʻrisidagi;

daromadlarning 20 foizigacha miqdoridagi ajratmalar hisobiga, ularni chegiriladigan xarajatlarga kiritgan holda shakllantiriladigan sugʻurta tashkiloti zaxira jamgʻarmasiningcheklangan miqdorini sugʻurta tashkiloti ustav fondining 50 foizigacha oshirish toʻgʻrisidagi;

sugʻurtaning ayrim turlari boʻyicha elektron polislarni (“Ye-polis”), shu jumladan, Internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qogʻoz shaklidagi sugʻurta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

4. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

yuridik shaxslar – sugʻurta (qayta sugʻurta) brokerlari va sugʻurta agentlari uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi;

sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotining boshqa sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi, sugʻurtaning boshqa tarmoqlaridagi sugʻurta tashkilotlari ustav fondlarida ularning oʻzaro ishtirokini cheklash shartlarida ishtirok etish bundan mustasno;

vakolatli davlat organi sugʻurtalovchilar tomonidan qoʻllanilayotgan sugʻurta tariflarini, isteʼmolchilarning sugʻurta xizmatlari sifatidan qoniqishi darajasini, shuningdek, sugʻurta mahsulotlarining samaradorligini tahlil qilish asosida sugʻurta zaxiralarining qabul qilinayotgan tavakkalchiliklarga maqbulligini taʼminlaydigan sugʻurta zaxiralarining minimal darajasini belgilaydi.

5. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq qayta sugʻurtalovchi (qayta sugʻurta brokeri) sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sugʻurtalash boʻyicha ofertani (qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlariga yuborishishart. Bunda:

oferta shartlari sugʻurta majburiyatlarini xorijiy sugʻurta tashkilotlariga qayta sugʻurtalashga berish shartlariga muvofiq boʻlishi kerak;

oferta aksepti yoki akseptni rad etish qayta sugʻurtalovchilar – mahalliy sugʻurta tashkilotlari tomonidan, agar ofertada aksept uchun kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, ikki ish kunidankechikmagan holda amalga oshiriladi;

sugʻurta majburiyatlari qayta sugʻurtalovchi – mahalliy sugʻurta tashkiloti tomonidan oʻzining ushlab qolish hajmi doirasidaqabul qilinadi;

qayta sugʻurtalovchi – mahalliy sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan taqdirda va asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini amalga oshirishda qayta sugʻurtalash shartnomasi shartlari doirasida qayta sugʻurta qildiruvchining qarorlariga amal qiladi.

Belgilansinki, ushbu band talablari obligator qayta sugʻurtalashga tatbiq etilmaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiya bitimlarida oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlsa, qoʻllanilmaydi.

6. Belgilab qoʻyilsinki, jismoniy shaxslar daromadlarining hayotni uzoq muddatli sugʻurtalash (barcha toifadagi hayot sugʻurtasi sohasi) boʻyicha sugʻurta mukofotlarini toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaxslarga yoʻnaltiriladigan qismi yuzasidan soliq imtiyozlari quyidagi shartlarda qoʻllaniladi:

a) sugʻurta summasi shartnoma boʻyicha sugʻurta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan soʻng biryoʻla toʻlanganda. Bunda sugʻurta badallarini toʻlash sugʻurta summasini toʻlash sanasidan oldingi 12 oylik davrda oʻsib bormaydigan tartib boʻyicha amalga oshirilgan boʻlishi kerak.

Shartnoma boʻyicha sugʻurtalangan shaxsning hayotni uzoq muddatli sugʻurtalash (barcha toifadagi hayot sugʻurtasi sohasi) boʻyicha muayyan yoshgacha yoki sanagacha yashashidan boshqacha tarzdagi sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan taqdirda sugʻurta qoplamasini yoki sugʻurta summasini toʻlash koʻrsatib oʻtilgan imtiyoz qoʻllanilgan holda shartnoma boʻyicha sugʻurta davri boshlanishi sanasidan 12 oy oʻtmasdan amalga oshirilishi mumkin;

b) renta (annuitet) toʻlash shartnoma boʻyicha sugʻurta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan soʻng boshlanganda. Bunda joriy rentani (annuitetni) toʻlash sanasida shartnoma boʻyicha haqiqatda jamlangan mablagʻlar (zaxira) summasi koʻrsatib oʻtilgan renta (annuitet)ning toʻrt baravaridan kam boʻlmasligi kerak;

v) rentani (annuitetni) toʻlash shartnoma boʻyicha sugʻurta davri boshlanishi sanasidan 12 oy oʻtmasdan boshlanganda. Bunda dastlabki rentani (annuitetni) toʻlash boshlanadigan paytda haqiqatda toʻlangan sugʻurta badallari summasi shartnoma boʻyicha sugʻurta mukofotining yillik miqdoridan kam boʻlmasligi kerakva rentalarni (annuitetlarni) toʻlash ushbu bandning “b” kichik bandi talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.

Hayotni uzoq muddatli sugʻurtalash shartnomasi muddatidan oldin toʻxtatilishi yoki ushbu band talablari buzilishi munosabati bilan jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq toʻlov manbaida ushlab qolingan va byudjetga oʻtkazilganda sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurtalanuvchiga olingan sugʻurta mukofotlari summasi, jismoniy shaxslarning daromadidan ushlab qolingan soliq va qaytariladigan mablagʻlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.

7. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari xodimlarini sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining “Sugʻurta ishi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha sirtqi va kechki boʻlimlarga test sinovlari oʻtkazilmasdan, belgilangan qabul kvotalaridan tashqari pulli-kontrakt asosida qabul qilish tartibi joriy etilsin.

Bunda oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish suhbat yakunlari boʻyicha va quyidagilar:

xodimda umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumoti va sugʻurta bozorida kamida 2 yil amaliy ish staji mavjud boʻlishi;

kontrakt ish beruvchi – sugʻurta bozorining professional ishtirokchisi tomonidan kafolatli toʻlanishi va xodim – bitiruvchi oʻqishni tamomlagandan keyin sugʻurta bozorining professional ishtirokchisi shtatida 3 yil mobaynida majburiy ishlab berishi sharti bilan amalga oshiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda sugʻurta bozori mutaxassislarining xorijiy taʼlim va boshqa tashkilotlarda taʼlim olishi, malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi tizimli asosda tashkil etilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasiga sugʻurta bozori mutaxassisining chet elda oʻqishi, malakasini oshirishi yoki stajirovka oʻtashi zarurligini asoslantirgan holda unga nisbatan tavsiya xatini belgilangan tartibda “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga kiritish huquqi berilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2019-yil 30-noyabrga qadar Birlashgan Arab Amirliklari hukumatining texnik koʻmagida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturiga sugʻurta faoliyati sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha alohida yoʻnalish kiritish masalasini koʻrib chiqsin.

10. Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasi negizidaOʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligini (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

11. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

sugʻurta bozorining ishlashi va uning professional ishtirokchilari faoliyati ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, sugʻurta faoliyati sohasidagi statistik va moliyaviy koʻrsatkichlarni muntazam eʼlon qilish yoʻli bilan taʼminlash;

sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilari va sugʻurta munosabatlarining boshqa ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, aholining sugʻurta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sugʻurta madaniyatini rivojlantirishga koʻmaklashish;

sugʻurta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet elda, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishga koʻmaklashish;

sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyati, sugʻurta zaxiralarini shakllantirish va ulardan foydalanish boʻyicha majburiy normativ va talablarni belgilash, shuningdek, samarali sugʻurta faoliyatini tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;

sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sugʻurta faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, ularning moliyaviy barqarorligini taʼminlash boʻyicha belgilangan normativ va talablarga rioya etilishini nazorat qilish;

sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) va sugʻurta brokerlarining sugʻurta faoliyatini litsenziyalash, aktuariylar faoliyatini sertifikatlash;

sugʻurta bozorining holati va uning professional ishtirokchilari faoliyatining hisobi va hisobotini yuritish, masofaviy nazorat qilish va tezkor onlayn-monitoringini olib borish boʻyicha integratsiyalashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish;

aholi va tadbirkorlik subyektlarining oʻsib borayotgan ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan sugʻurta xizmatlarining talab yuqori boʻlgan anʼanaviy turlarini rivojlantirishga va yangi turlarini joriy qilishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi faoliyati sohasida sugʻurta himoyasini kuchaytirish;

xorijiy davlatlarning oʻxshash tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan sugʻurta faoliyati sohasida hamkorlikni tashkil etish.

12. Belgilansinki:

Agentlik sugʻurta bozorini tartibga solish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining sugʻurta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish qismidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;

Agentlikni saqlash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;

Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi;

Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha vazirning oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

13. Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 28 birlik etib belgilansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 30-noyabrga qadar:

majburiy tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini;

Sirdaryo viloyatida 2020-yildan boshlab “davolangan holat” uchun tibbiy xizmatlar toʻlovi mexanizmini va “jon boshi normativi” asosida moliyalashtirish tizimi metodologiyasini, shuningdek, 2021-yildan boshlab – majburiy tibbiy sugʻurta tizimini tajriba-sinov tarzida joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:

a) ikki oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini, shu jumladan, Agentlik tuzilmasi va Agentlik toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutgan holda;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni;

b) 2020-yil 1-yanvarga qadar sugʻurta tashkilotlarining faoliyatini tavakkalchilikka qaratilgan yondashuv asosida tartibga solishga yoʻnaltirilgan, sugʻurtalovchilarning kapitali yetarliligi va toʻlov qobiliyati boʻyicha xalqaro standartlarni sugʻurta faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish strategiyasi loyihasini kiritsin.

16. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 4-ilovaga muvofiq;

ushbu qarorni amalga oshirish boʻyicha Batafsil amaliy tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruh (J.Qoʻchqorov):

ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar soʻzsiz ijro etilishi muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishini, shuningdek, ularning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi tashkil etilishini;

2019-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini jadal rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda mazkur qarorning ijrosi yuzasidan axborot kiritib borilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar hamda mavzuli koʻrsatuvlar va eshittirishlarni tashkil etsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov va Oʻzbekiston Respublikasi
Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 2-avgust

 

O’zA