Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan, norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam koʻrsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifa va funksiyalar yuklatilsin:

jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan izchil huquqiy siyosatni takomillashtirish;

barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish, qabul qilinganiga koʻp vaqt boʻlgan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish va ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga uygʻunlashtirish;

fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari takomillashtirilishini taʼminlash;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish;

qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni va ahamiyatini aholi, tadbirkorlik subyektlari hamda xorijiy investorlarga yetkazish koʻlamini kengaytirish, bu borada tarmoq vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirish;

maʼmuriy tartib-taomillar sohasini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish;

davlat boshqaruvi tizimining tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnining yaxshilanishiga toʻsqinlik qilayotgan huquqiy omillar yuzasidan fundamental huquqiy tadqiqotlar oʻtkazilishini taʼminlash;

adliya organlari va muassasalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali “virtual adliya” tizimini ishga tushirish.

Vazirlik mazkur bandda keltirilgan qoʻshimcha vazifa va funksiyalarni amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

2. Quyidagilar:

2020–2024-yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

2020–2024-yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasini 2020–2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2020–2024-yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)

3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik 2021-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil etgan holda mazkur konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

3. Vazirlik 2020-yil yakuniga qadar shu jumladan, quyidagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishini taʼminlasin:

Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun loyihalari sifatida qabul qilish orqali ularning ulushini 20 foizga yetkazish;

davlat boshqaruvi tizimini funksional tahlil qilgan holda vazirlik va idoralarning kamida 10 ta funksiyalarini nodavlat sektorga oʻtkazish boʻyicha taklif kiritish;

2018–2019-yillarda yangi (qayta) tashkil qilingan 8 ta vazirlik va idoralar faoliyatini oʻrganish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyatini;

elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 12 foizga yetkazish;

aholiga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan yangi xizmatlar sonini 15 taga oshirish;

nodavlat notariat shakliga aylantirilgan davlat notarial idoralarining ulushini 95 foizga yetkazish;

29 ta qonunosti hujjatlari bilan belgilangan javobgarlik va sanksiya normalarini chuqur tahlil qilish va tegishli qonunlarga kiritilishini taʼminlash.

4. Vazirlik amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish, ushbu sohada vazirlik va idoralar vakolati va funksiyalarining toʻliq va sifatli amalga oshirilayotganligi hamda belgilangan maqsadlarga erishilayotganligini funksional tahlil qilish boʻyicha vakolatli organ deb hisoblansin.

Shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq Vazirlik:

yangi (qayta) tashkil qilingan vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarga (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali amalga oshirilayotganligini ular yangi (qayta) tashkil qilingan kundan boshlab kamida 6 oy oʻtgandan soʻng oʻrganadi;

mazkur oʻrganishlarga tegishli masalaga taalluqliligidan kelib chiqib, boshqa vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini jalb qilishga haqli;

oʻrganish natijalari boʻyicha asoslantirilgan tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;

maʼmuriy islohotlar doirasida vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan yangi tashabbuslarni koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan inobatga olinishi majburiy boʻlgan xulosalar beradi;

vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarning (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) vazifa va funksiyalari amalga oshirilishining samaradorligi koʻrsatkichlarini (indikatorlarini) baholaydi va natijasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida muhokama qilish uchun umumlashtirilgan hisobot, shuningdek, samaradorlik koʻrsatkichlariga (indikatorlariga) erishmagan davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qoʻllash boʻyicha taklif kiritadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tashkil qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Vazirlikning 2020-yil 1-iyuldan boshlab:

xoʻjalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki maʼmuriy usullar orqali tartibga solinishini taqiqlash;

jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalarning faqatgina qonunlar bilan oʻrnatilishini belgilash;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qoʻshimcha toʻlov va yigʻimlarni belgilovchi, ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan huquqiy normalarni kiritishga yoʻl qoʻymaslik;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yoʻl qoʻymaslik;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni Vazirlikda majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda ijobiy xulosa olingandan soʻng hisobga olinishi va kuchga kirish tartibini amaliyotga joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

6. Quyidagilar:

Qonunosti hujjatlarining huquqiy javobgarlik va sanksiya belgilovchi normalarini qayta koʻrib chiqish dasturi 4-ilovaga muvofiq;

Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat shakliga oʻtkazish rejasi 5-ilovaga muvofiq;

Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. 2020-yil 1-iyuldan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning quyidagilarni nazarda tutuvchi “paket” prinsipi joriy qilinsin:

yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va kuchga kiradi;

yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni taqozo etganda, ilgari qabul qilingan qonunlarga oʻzgartirish kiritish yangi qonunni qabul qilish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi;

vazirlik va idoralar oʻzlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga bir xil masaladagi oʻzgartirish va qoʻshimchalarni bitta hujjat bilan kiritadi;

Vazirlikka Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestrida mavjud boʻlgan hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi, bunda ular aynan bir xil masalada va texnik koʻrinishda boʻlishi lozim.

8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish toʻxtatilsin (oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno);

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish 2020-yil 1-iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab esa toʻliq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

9. Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri oʻrinbosari – Intellektual mulk agentligi direktori lavozimi tugatilsin;

b) Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri oʻrinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimi tugatilsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosarlari lavozimlari kiritilsin;

g) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida:

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi;

Maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish boshqarmasi tashkil etilsin.

10. Vazirlikning davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Namangan shahri va Qarshi tumanida eksperiment tariqasida tuman (shahar) adliya boʻlimlari huzurida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlarini (keyingi oʻrinlarda – Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilab qoʻyilsinki, Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari:

byudjetdan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi;

tegishli tashkilotda qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.

Vazirlik eksperiment natijalari asosida 2021-yil 1-yanvarga qadar ushbu tizimni respublikaning barcha hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

11. Vazirlik huzuridagi “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatini birlashtirish yoʻli bilan ularning negizida Vazirlik qoshida davlat muassasasi shaklidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Markaz:

aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targʻibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy eʼlon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi;

tarkibidagi “Inson va qonun” gazetasi tahririyati hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyati amaldagi xizmat koʻrsatish sohalarini saqlab qolgan holda faoliyat yuritadi va oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi, ushbu mablagʻlarning yetishmagan qismi esa Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

12. Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi normativ hujjatlarni qabul qiluvchi barcha vazirlik va idoralar uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga joylashtirish uchun Vazirlikka texnik reglamentlar, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalari, shaharsozlik normalari va qoidalari, ekologik normalar va qoidalar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa hujjatlarning taqdim etilishini taʼminlasin.

Vazirlik 2021-yil 1-yanvarga qadar texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi normativ hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga joylashtirish ishlarini toʻliq yakunlasin va natijasi haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.

13. Vazirlik:

a) 2020-yil 1-iyuldan boshlab idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻini qabul qilish amaliyotini bekor qilsin hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatga davlat reyestri orqali unikal raqam bergan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi joriy etilishini;

b) vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatida qonun hujjatlari va mazkur Farmonda koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni tegishli javobgarlikka tortish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borilishini;

v) bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini bekor qilish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;

Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi faoliyatini tashkil qilish boʻyicha Hukumat qarori loyihalari kiritilishini;

g) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda:

tartibga solish taʼsirini baholashning kompleks tizimini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan, shu jumladan, adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

15. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 19-may

 

O’zA