f a r m o n i
Respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichida eksport hajmlarini koʻpaytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, tayyor mahsulot yetkazib beruvchilarni qoʻshimcha moliyaviy va tashkiliy ragʻbatlantirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi eksport qiluvchilarga, shu jumladan, asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik boʻlgan eksport qiluvchilarga:
a) eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlar uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qatʼi nazar:
milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 foiz banddan koʻp boʻlmagan miqdorda;
chet el valyutasidagi kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 5 foiz banddan koʻp boʻlmagan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etadi;
g) taqdim etiladigan kafilliklar boʻyicha komissiya toʻlovlarini ikki baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.
2022-yil 1-yanvardan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi PQ–4337-son “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilsin.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratish;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablagʻlar jalb etish ishlarini tashkillashtirish.
3. Agentlikka yuklanayotgan qoʻshimcha vazifalarni amalga oshirish uchun uning huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda resurs bazasi quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladigan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 100 million AQSH dollari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari;
Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandida nazarda tutilgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻning 50 foizini boshlangʻich kapitalni shakllantirish uchun Jamgʻarmaga ajratilishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
ushbu Farmonda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-noyabrdagi PF–5587-son Farmoni bilan tasdiqlangan roʻyxatdagi xomashyo tovarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
Agentlik tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 1 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni toʻliq soʻndirmagan eksport qiluvchi uchun bunday moliyaviy resurslar ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi;
tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan moliyalashtirilganda, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etilmaydi.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi har chorakda Agentlik hamda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan eksportni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, eksport qiluvchilarning tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirishning diversifikatsiyalangan vositalari toʻplamining uch oy muddatda ishlab chiqilishi va tijorat banklari amaliyotiga joriy etilishini taʼminlasin.
8. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.U.Umurzakov) bir oy muddatda Agentlik tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 21-oktyabr