O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish maqsadida:

1. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Texnik jihatdan tartibga solish agentligi) tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi:

texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi;

2021 yil 1 sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, muvofiqlikni deklaratsiyalash texnik reglament talablari asosida mahsulotning to‘liq sinovlari o‘tkazilgandan so‘ng ijobiy sinov natijalariga ko‘ra tuziladigan sinov bayonnomalari asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda amalga oshiriladi;

xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiya qilingan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari – muvofiqlikni baholash organlariga milliy akkreditatsiyadan o‘tmagan holda, akkreditatsiya doirasi haqida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DKni xabardor qilib, muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga ruxsat beriladi. Bunda, rasmiylashtirilgan muvofiqlikni baholash hujjatlarida ILAC/IAF tashkilotlarining tan olish belgilari ko‘rsatilishi va ushbu hujjatlar ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi muvofiqlikni baholash organlari tomonidan ta’minlanishi shart.

4. Belgilansinki, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab import qiluvchilarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning kirib kelishini ta’minlash maqsadida:

a) xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi. Bunda:

respublika hududiga olib kirilayotgan shu turdagi mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar ushbu mahsulotlar bojxona hududiga kelishidan kamida 15 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirilishi shart;

mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga o‘tkazish davlat bojxona xizmati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan rasmiylashtirilgan tegishli muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi;

b) xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qat’i nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda yigirma to‘rt oy davomida import qilishga ruxsat etiladi. Bunda:

mazkur tartib muvofiqlik sertifikatida ko‘rsatilgan aynan bir ishlab chiqaruvchining mahsulot turlariga nisbatan amal qiladi;

import qiluvchining mahsulotlar muvofiqligi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan mahsulotni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga o‘tkazish uchun asos bo‘ladi;

mazkur soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ta’minlash uchun ushbu tovarlarni olib kirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari javobgar hisoblanadi;

v) respublikaga olib kelinadigan mahsulotlarning texnik reglamentlar, standartlar va qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan nazorat Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki uning tuzilmasidagi vakolatli tashkilot tomonidan xavf-xatarlar tahlili asosida amalga oshiriladi;

g) texnik reglamentlar, standartlar va qonun hujjatlari bilan belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar ro‘yxatini yuritish Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki uning tuzilmasidagi vakolatli tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni, ro‘yxatga olingan kundan boshlab 6 oy muddatgacha ro‘yxatdan chiqarish, nomuvofiq deb topilgan tegishli mahsulotni ishlab chiqaruvchi (uning rasmiy vakili) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, erkin muomalaga chiqarish taqiqlanadi.

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligining:

tashkilot standartlari toifasiga kiruvchi standartlashtirishga doir normativ hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan tashkilot standartlarini ekspertizadan o‘tkazish ishlarini haq olmasdan amalga oshirish haqidagi takliflari ma’qullansin.

Bunda, tashkilot standartlarida belgilanadigan ko‘rsatkichlar (talablar) O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan tegishli mahsulotlarga oid standartlar talablaridan past bo‘lgan hollarda, ushbu tashkilot standartlariga asosan mahsulot muvofiqligini tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

6. Belgilab qo‘yilsinki, mahalliy muvofiqlikni baholash organlarida mahsulotning xorijiy davlatlarning standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi talab qilinmaydi.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021 yil 1 iyulga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish tartibini xalqaro talablar asosida soddalashtirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Yangi qabul qilinayotgan xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni joriy etish, qo‘llash hamda texnik jihatdan tartibga solish talablariga rioya etilmagan holatlar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar korxona va tarmoq rahbarlarining oylik, choraklik va yillik rag‘batlantirish mezonlarini shakllantirishda inobatga olinsin.

9. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda ikki oy muddatda korxonalarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan qamrab olish darajasini 2021 yilda 20 foizga va 2022 yilda 40 foizga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 avgustdagi PF–6042-son Farmoni bilan tasdiqlangan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi) etib qayta nomlansin.

Belgilansinki, Hukumat komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

11. Hukumat komissiyasiga tashqi savdoni texnik jihatdan tartibga solish sohasida quyidagi vazifalar yuklatilsin:

xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni joriy etish, qo‘llash hamda texnik jihatdan tartibga solish talablariga rioya etish darajasidan kelib chiqqan holda, korxona va tarmoq rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy choralar ko‘rib borish;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini hamda bunday mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlash, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

mahalliy korxonalarning xalqaro standartlarni xarid qilish va joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash tartibini tasdiqlash;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari uchun qo‘shimcha (mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan to‘lovlaridan tashqari) to‘lovlarni belgilash.

Hukumat komissiyasi yig‘ilishlarida texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ijrosi har chorakda muhokama etib borilsin.

12. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun:

a) mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga:

huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;

ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yil davomida takroran sodir etilganda – realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;

b) qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga:

huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda – bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima;

shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda – bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima ko‘rinishidagi ta’sir choralari belgilansin.

Bunda, qonunchilik hujjatlari va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar erkin muomaladan chiqarilishi va yo‘q qilinishi lozim. Moliyaviy jarimaning to‘lanishi mazkur talabning bajarilishidan ozod etmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qonunlarga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. 2021 yilda sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Quyidagilar:

qurilish vaziri B. Zakirov zimmasiga – qurilish materiallari, qurilish industriyasi, shu jumladan, loyihalash va konstruksiyalash bo‘yicha;

qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev zimmasiga – qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasi bo‘yicha;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi A.Maksudov zimmasiga – tabiiy resurslardan foydalanishni tartibga solish hamda atrof-muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli ta’sirlardan muhofaza qilish bo‘yicha;

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi B.Gulyamov zimmasiga – uskuna va buyumlarning sanoat va foydalanish xavfsizligi bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi majburiy talablarning bajarilishini, mahsulotlar xavfsizligini va muvofiqlikni tasdiqlashni tashkil etish hamda ta’minlash yuklansin.

15. Quyidagilarga:

investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari A.Voitov, L.Qudratov va B.Abidovga – texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro andozalar, shu jumladan, Jahon savdo tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Yevropa Ittifoqi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi amaliyoti asosida takomillashtirish uchun xorijiy hamkorlarni va investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan;

Davlat bojxona qo‘mitasining raisi M.Azimovga – chegara bojxona postlarida nazorat tartibotlarini bajarishda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari faoliyatining samarali va operativ muvofiqlashtirilishini ta’minlash, mahsulotlarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar oldindan bojxona elektron dasturiga joylashtirilmagan mahsulotlarni respublika hududiga olib kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktoriga – texnik jihatdan tartibga solish tizimi, shu jumladan, qonunchilik, texnik reglamentlar va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati samaradorligini ta’minlash, shuningdek, tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishda korxonalarga uslubiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan;

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.Yusupaliyevga – majburiy tartibda sanitariya-epidemiologik xulosasi olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ustidan samarali nazoratni ta’minlash, xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarishning oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

17. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini kiritsin;

2021 yil 1 avgustga qadar xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni olib kirishda ularning muvofiqligini baholash, muvofiqlikni deklaratsiyalash, shuningdek, texnik reglamentlar va standartlar talablariga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar ro‘yxatini yuritish, ularni erkin muomaladan chiqarish va yo‘q qilish tartiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2021 yil yakuniga qadar barcha tizim tashkilotlarida ISO 37001 xalqaro standartiga asosan, korrupsiyaga qarshi menejment tizimlarini joriy etish va sertifikatlashni ta’minlasin;

ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 2 iyun