Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi ishtirokida “qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan Strategiyasi ijrosini taʼminlash, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni kengaytirish asosida qishloq aholisi bandligi va daromadini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-noyabrdagi “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4021-son qaroriga asosan:

a) “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) doirasida 2020-yil 4-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi va Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi oʻrtasida qoʻshimcha 46,2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit, shuningdek, 800 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari boʻyicha qarz bitimining (keyingi oʻrinlarda – qarz bitimi) imzolanganligi;

b) Loyihani amalga oshirish doirasida:

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining krediti hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari), qoʻshilgan qiymat soligʻidan va yigʻimlardan;

ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari daromadlari jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqdan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qarz bitimiga muvofiq Loyiha doirasida jalb etiladigan qoʻshimcha qarz mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltirilishi belgilansin:

qishloq xoʻjaligida diversifikatsiya qilishni moliyalashtirish boʻyicha kredit ajratish uchun – 39,8 million AQSH dollari. Bunda klaster va kooperatsiyalar hamda ularga aʼzo boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga – 30,3 million AQSH dollari, yoshlar va ayollar uchun – million AQSH dollari miqdorida, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 4,5 million AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;

irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun – 3,1 million AQSH dollari. Bunda oʻrmon fondi yerlarida tik quduq qazish va nasos oʻrnatish orqali suv chiqarishga 2 million AQSH dollari sarflanadi;

qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiya va agroxizmatlar tizimini rivojlantirish boʻyicha – 4,1 million AQSH dollari.

3. Quyidagilar:

“Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasiga jalb etiladigan qoʻshimcha moliyalashtirish doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirish prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini hamda natijadorligini taʼminlaydi;

Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari zimmasiga kredit liniyasini boshqarish, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qarzining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha hisobot va monitoringni yuritish vazifalari yuklanadi.

5. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining 35 325 000 AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarining qaytarilishi toʻliqligicha Loyiha doirasida tijorat banklariga qayta kreditlanadigan mablagʻlarning qaytarilishi hisobidan hamda qolgan 10 875 000 AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarining qaytarilishi Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetidan amalga oshiriladi.

6. Loyiha doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini qayta kreditlash bitimlarida subsidiar qarzning foiz stavkasi “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qarz mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga asosan belgilansin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga bir oy muddatda “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasiga jalb etiladigan qoʻshimcha moliyalashtirish mablagʻlari doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qarz mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish hamda Moliya vazirligi va Markaziy bankka tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklatilsin.

8. Moliya vaziriga Loyiha doirasida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qarz mablagʻlari boʻyicha qayta moliyalashtirish bitimlarini, shuningdek, zaruriyatga koʻra, ularga tegishli oʻzgartirishlarni imzolash vakolati berilsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari tez fursatlarda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

10. Ichki ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatga qoʻyilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda taʼminlasin.

11. Hisob palatasi Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

12. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

13. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev:

bir hafta muddatda masʼul ijrochilar ishtirokida majlis oʻtkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “Yoʻl xarita”larini tasdiqlasin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev), Moliya vazirligi (Ergashev), Markaziy bank (Xolxujayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Loyihani amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlar uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ikki kunlik seminar tashkil qilsin;

moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;

b) Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda Loyiha doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan tashabbuskorlar ishtirokida taqdimotlar oʻtkazsin;

v) qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida sohaning yetuk mahalliy mutaxassislaridan iborat boʻlgan ilmiy-texnik kengashni shakllantirib, u tomonidan Loyihaning komponentlari doirasidagi texnik topshiriqlar amalga oshirilishi, hujjatlarning koʻrib chiqilishi va dastlabki xulosa berilishini;

qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimi doirasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya yoʻnalishlariga mablagʻlarni ajratishda sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi, iqtisodiy samaradorligi va asoslanganligiga alohida eʼtibor qaratilishini;

Loyihani amalga oshirishda qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarini keng jalb qilib, amaliy seminar va oʻquv kurslari tashkil etilishini;

Loyiha doirasida iqtisod qilingan mablagʻlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan kelishgan holda qayta taqsimlanishini taʼminlasin.

Qishloq xoʻjaligi vaziriga, zarur hollarda, ushbu qarorning 1 va 3-ilovalari bilan tasdiqlangan Loyiha texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy koʻrsatkichlari hamda “Yoʻl xaritasi”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-noyabrdagi “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4021-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A.Qoʻchqorov va Oʻ.I.Barnoyev zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 15-sentyabr

 

O’zA