“Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
2018 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida respublikaning 159 ta tumanidagi 417 ta qishloqning meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash va hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida ulardagi yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi PF-5386-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, 2019 yilda “Obod qishloq” dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) doirasida har bir tumanda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlash, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirish va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. 2019 yilda Dastur doirasida quyidagilar:
mamlakatimizning 159 ta tumanida 1,6 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan 478 ta qishloqda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun sarflanishi rejalashtirilgan 4,8 trillion soʻm miqdoridagi xarajatlarning moliyalashtirish manbalari 2-ilovaga muvofiq;
umumiy uzunligi 5 476 kilometrdan iborat mintaqaviy yoʻllar (ichki koʻchalar)ni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari 3-ilovaga muvofiq;
1,3 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobidan qishloqlarni obodonlashtirish chora-tadbirlari 4-ilovaga muvofiq;
36 mingdan ortiq hamda umumiy uzunligi 2 458 kilometr boʻlgan tungi koʻcha yoritish hamda 21 ta aloqa tizimini yaxshilash chora-tadbirlari 5-ilovaga muvofiq;
aholiga transport xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish, xususan 556 ta avtobekat qurish hamda umumiy qiymati 46,3 milliard soʻmlik 189 ta zamonaviy avtobuslar xarid qilish boʻyicha chora-tadbirlar 6-ilovaga muvofiq;
ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 219 kilometr yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshootini qurish, 729 kilometr tarmoqlar hamda 163 ta suv inshootlarini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari 7-ilovaga muvofiq;
361 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobidan elektr va gaz taʼminoti tizimini yaxshilash chora-tadbirlari 8-ilovaga muvofiq;
214,2 mingta yakka tartibdagi uy-joylarni taʼmirlash boʻyicha chora-tadbirlar 9-ilovaga muvofiq;
1 182 ta koʻp xonadonli uy-joylarni taʼmirlash chora-tadbirlari 10-ilovaga hamda 378 ta koʻp xonadonli uy-joylar hududlarini obodonlashtirish chora-tadbirlari 11-ilovaga muvofiq;
280 ta maktabgacha taʼlim, 510 ta maktab, 237 ta sogʻliqni saqlash hamda 439 ta boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlash chora-tadbirlari 12-12.4-ilovalarga muvofiq;
jami 2 532 ta bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish va taʼmirlash yuzasidan chora-tadbirlar 13-ilovaga muvofiq;
irrigatsiya-melioratsiya sohasida, jumladan, 296 kilometr irrigatsiya va 1 538 kilometr melioratsiya obyektlarini qurish va taʼmirlash, 584 kilometr irrigatsiya obyektlarini tozalash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 14-ilovaga muvofiq;
talab etiladigan asosiy turdagi qurilish va pardozlash materiallari toʻgʻrisidagi koʻrsatkichlar 15-ilovaga muvofiq;
Dastur parametrlari ijrosini oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi 16-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3630-son qarori bilan tashkil etilgan
“Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda mazkur qaror parametrlaridan kelib chiqqan holda, qishloqlarda 2019 yilda amalga oshiriladigan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarining mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik (idora)lar tomonidan ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan tuman va qishloqlar kesimidagi manzilli roʻyxatlarini tasdiqlasin;
Dasturga kiritilgan qishloq aholi punktlaridagi mavjud uy-joylar, bino va inshootlar, infratuzilma obyektlari, ichimlik suv tizimlari, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiyalarining texnik holatini oʻrganib chiqib, shu asosda 2019 yilda qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarining “tarmoq jadvallari”ni ishlab chiqib, tasdiqlash hamda ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsin.
Respublika komissiyasi (A.Ramatov)ga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuslari asosida tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan kelishgan holda Dasturga qoʻshimcha qishloqlarni kiritish hamda amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha ish hajmlari va qiymatlariga aniqlik va tuzatish kiritish huquqi berilsin.
3. Dastur doirasida bajariladigan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, obyektlarning ish hajmi va loyiha-smeta hujjatlari qiymatining asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari shaxsan masʼuldir.
Dastur doirasida bajariladigan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari boʻyicha ish hajmi va smeta qiymati oshirilgan taqdirda qoʻshimcha talab etiladigan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda respublika byudjeti va maqsadli jamgʻarmalar hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash ishlarini Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, shuningdek, vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlar Dasturga kiritilgan obyektlar boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
6. Respublika komissiyasi (A.Ramatov):
Dasturda ishtirok etayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirib, oʻzaro hamkorligini taʼminlasin hamda yuzaga kelgan muammoli masalalarni tezkor ravishda hal etish choralarini koʻrsin;
qurilish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha belgilangan koʻrsatkichlar ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash yuzasidan tizimli monitoring yuritib, muntazam ravishda muhokama qilib borsin;
Dastur parametrlari bajarilishini kechiktirgan yoki taʼminlamagan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar koʻrish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.Qoʻchqorov hamda Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.Gʻaniyev davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etilgan loyihalar asosida Dasturni amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini va boshqa moliyaviy manbalarni jalb etish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Transport vazirligi va Energetika vazirligi Dasturga kiritilgan qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha obyektlari, yoʻl-transport infratuzilmasi va muhandislik-kommunikatsiyalari tarmoqlari qurilishi uchun loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy hisobotini (loyihaoldi hujjatini) bir oy muddatda tayyorlab, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Oʻzneftmahsulot” AJ buyurtmachilar va loyiha tashkilotlarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Dastur doirasida 2019 yilda qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha obyektlari, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va taʼmirlash uchun birja kotirovkalarining oʻrtacha narxlariga muvofiq haqini oldindan toʻlash sharti bilan metall prokati, sement va yoqilgʻi-moylash mahsulotlari ajratilishini taʼminlasin.
9. Quyidagilar:
ushbu qarorning talablari oʻz vaqtida va toʻla-toʻkis amalga oshirilishini taʼminlash ustidan nazorat olib borilishi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.Ramatov zimmasiga;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan yigʻma koʻrsatkichlar va asosiy parametrlarga muvofiq uy-joylarni taʼmirlash, muhandislik-transport kommunikatsiyalari hamda infratuzilma obyektlarini oʻz vaqtida va sifatli qurilishi va taʼmirlanishi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri A.Toʻxtayev zimmasiga;
qurilish-montaj ishlari tannarxini pasaytirish va ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qoʻllashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.Xoʻjayev zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                                     Sh.MIRZIYOYEV 
Toshkent shahri,
2019 yil 20 fevral

 

O’zA