O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatimizda yilqichilik, naslchilik va ot sportini rivojlantirish, mahalliy zotdor otlarni ko‘paytirish, zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida:
1.Quyidagilar O‘zbekistonda yilqichilik va ot sportini
(keyingi o‘rinlarda – ot sporti) hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
mamlakatda ot sportini hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish (seleksiya) va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
ot sporti hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlari bo‘yicha professional trenerlar, hakamlarni tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, ot sportining ilmiy-metodologik bazasini yanada kuchaytirish;
ot sporti hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlari bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish, shu jumladan ot sporti klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish;
Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga bosqichma-bosqich ot sporti hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini kiritish;
ot sporti hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, yirik xalqaro musobaqalar, jumladan o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini o‘tkazish;
ot sporti hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini aholi o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish.
2. Bosh vazirning o‘rinbosari A.A.Abduhakimov Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 iyunga qadar mazkur qarorda belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlarni jalb etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va polo sport turini 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturini maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining:
Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida ot sportini rivojlantirish, naslli va zotdor otlarni ko‘paytirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlarning dam olishini tashkil qilish uchun zarur infratuzilma ob’ektlaridan (ippodrom, stadion, suzish havzasi, mehmonxona, davolash-sog‘lomlashtirish majmuasi, kafe, veterinariya dorixonasi, o‘quv markazi, sport va zotdor otlar uchun veterinariya klinikasi) iborat ko‘p tarmoqli sport majmualarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish;
Qashqadaryo viloyatiни respublikada ot sportini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi hudud sifatida belgilash;
sof zotdor otlarni urchitish va ko‘paytirish, yosh otlar rivojlanishi va o‘sishini, yaylov va yem-ozuqa bazasini mustahkamlash, yilqichilik fermalarida qimiz ishlab chiqarishni, intensiv ot bo‘rdoqichiligini tashkil etish va otlardan olingan mahsulotlar turlarini kengaytirish uchun yetarlicha yer maydonlari ajratish;
ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar hamda respublika oliy sport mahorati maktablarida noyob zotdor sport otlarini ko‘paytirish uchun Davlat byudjetidan uch yil davomida
5 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish va ustuvor ravishda respublika ot zavodlarida ko‘paytirilgan noyob zotdor sport otlari hisobidan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish;
har bir olimpiya zaxiralari kollejida 2021-2025 yillar davomida ot sporti bo‘limlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi ot sporti bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazishning uch bosqichli tizimi joriy etilsin:
birinchi bosqichda – ot sport klublari, ot sporti maktablari, seksiyalar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar (tuman/shahar bosqichi);
ikkinchi bosqichda – tuman (shahar) sport musobaqalarida g‘olib chiqqanlar, jamoalar o‘rtasidagi musobaqalar (viloyat bosqichi);
uchinchi bosqichda – hududlarda tashkil etilgan sport musobaqalarida g‘olib chiqqanlar, jamoalar o‘rtasidagi musobaqalar (respublika chempionati, birinchiligi, kubogi) (respublika bosqichi).
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2021-2025 yillarda ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablariga metodik ko‘maklashish O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimiga kiradi hamda o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2010 yil
23 sentyabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiradigan maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklansin:
hududiy yilqichilik va ot sporti federatsiyalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;
tegishli hududlarning rahbar kadrlari orasidan nomzodlarni hududiy ot sporti va yilqichilik federatsiyalari raisi lavozimiga tavsiya etish;
tegishli hududda ot sportining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash, davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bitta ot sporti klubini tashkil etish, ot sporti mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi bazasida ippodrom, shuningdek, tegishli hududiy ot sporti va yilqichilik federatsiyalarini joylashtirish uchun binolar ajratish;
mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablarini tashkil etish ishlariga yaqindan ko‘maklash;
2022-2025 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar
va Toshkent shahrida ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar
va o‘smirlar sport maktablarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish.
7. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
2019 yil 18 fevraldagi PQ–4194-son qaroriga muvofiq tashkil etilishi belgilangan Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazi negizida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi huzurida “O‘zbegim Otlari” MCHJ bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, Naslli, sport va tozaqonli otlarni yetishtirish
va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
8. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamda “O‘zbegim Otlari” MCHJ bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va uning ustavini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
olti oy muddatda Markazning bino va inshootlarini qurib bitkazish hamda 2022 yil 1 yanvardan to‘laqonli faoliyatini boshlash choralarini ko‘rsin.
Moliya vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
9. Belgilansinki, 2021 yil 1 apreldan boshlab ot sportini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadigan “zootexnik”,
“veterinar-shifokor”, “feldsher-veterinar”, “usta-chavondoz”,
“ot parvarishlovchi”, “taqachi” mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021 yildan boshlab ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq mamlakatimizda zotdor otlarni ko‘paytirish va naslchilik texnologiyalarini yaratish bilan bog‘liq muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan loyihalar tanlovlar asosida moliyalashtirilishini ta’minlasin.
11. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasining “Universal Jumping Agro” MCHJ (keyingi o‘rinlarda – Investor) tomonidan Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Mevazor” MFY hududida zamonaviy ko‘p tarmoqli sport kompleksi hamda mahalliy va xorijiy turistlarning dam olishini tashkil qilish uchun yopiq suzish havzasi, mehmonxona, davolash-sog‘lomlashtirish muassasalari, savdo-ko‘ngilochar va dam olish infratuzilmalari, avtotransport vositalari turar joylari,
ippodrom, stadion, yengil atletika bilan shug‘ullanish uchun
maydon va boshqa ob’ektlarni (keyingi o‘rinlarda – investitsiya
loyihasi) 2021-2022 yillarda barpo etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
12. Toshkent viloyati hokimligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Mevazor” MFY hududida joylashgan va Investorga biriktirib berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan investitsiya loyihasini to‘liq amalga oshirish uchun Investorga doimiy foydalanish huquqi asosida zarur yer maydonlari ajratilishini ta’minlasin.
13. Quyidagilar investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida barpo etiladigan zamonaviy ko‘p tarmoqli sport majmuasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari ekanligi inobatga olinsin:
yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan noyob zotli sport otlarini ko‘paytirish;
yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish;
yosh sportchilarni jalb qilgan holda, milliy va xalqaro ot sport turlarini rivojlantirish, sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, milliy va xalqaro darajada yilqilar ko‘rgazmalarini tashkil etish;
yilqichilik sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish;
zamonaviy beshkurash sportchilarining mahorat darajasini oshirish orqali ularning xalqaro darajalarga ko‘tarilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
o‘smir bolalar va yoshlarni zamonaviy beshkurash va polo sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ularning har tomonlama jismoniy kamol topishiga va sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishga qaratilgan jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish;
zamonaviy beshkurash bo‘yicha hakamlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.
14.Belgilansinki:
a) investitsiya loyihasini amalga oshirishda Investor quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
Investor faoliyat turini o‘n yil davomida saqlab turish sharti bilan ajratilgan yer maydoniga kamida 10 million AQSH dollari, shundan 7 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobidan kamida 150 o‘rinli 3 yulduzli mehmonxona, davolash-sog‘lomlashtirish muassasalari, sport va zotli otlar uchun mo‘ljallangan veterinariya klinikasi, maishiy xizmat ko‘rsatish, avtotransport vositalari turar joylari, savdo-ko‘ngilochar
va boshqa dam olish infratuzilma ob’ektlarini barpo etish;
ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari asosida
2021-2022 yillarda belgilangan investitsiya mablag‘larini to‘liq o‘zlashtirish va ob’ektlarni foydalanishga topshirish;
kamida 150 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish;
b) Investor 2022-2025 yillar mobaynida Jismoniy tarbiya
va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxatlarga muvofiq:
terma jamoalar sportchilarini ot sporti va beshkurash sport turlari bilan bepul shug‘ullanishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratadi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida respublika va xalqaro darajadagi sport tadbirlarini ijara to‘lovlarisiz o‘tkazadi;
har yili 25 nafar yosh sportchi (chavandoz)larni bepul malakasini oshirishi uchun sharoit yaratadi;
respublikadagi ko‘p tarmoqli ot sporti majmualarida xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda bepul maslahatlar, o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazib borilishini ta’minlaydi;
v) “Universal Jumping Agro”, “O‘zbegim Otlari” va “Oltin Taqa Qo‘shuv” MCHJlarining yilqichilik va ot sporti majmualari keyingi uch yil davomida respublikada naslli otlarni ko‘paytirish va ot sportini rivojlantirish bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot bazalari funksiyasini bajaradi;
g) O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi a’zosi hisoblangan nodavlat ot zavodlari (majmualari), klublari, maktablar (muassasalar) har yili xorijdan quyidagi taqsimotga asosan naslli, sport va tozaqonli otlar olib kelish orqali doimiy ravishda zotdor otlar sonini ko‘paytirish choralarini ko‘radi. Bunda mavjud ot boshi 50 tagacha bo‘lsa – 2 ta ot, 50 dan 100 tagacha bo‘lsa – 3 ta ot, 100 dan
400 tagacha bo‘lsa – 4 ta ot va 400 dan ko‘p bo‘lsa – 5 taga ot ko‘payadi;
d) istisno tariqasida, Investor tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihasi hamda Markazni tashkil etish bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari uchun to‘lovlar undirilmaydi;
ye) 2025 yilning 1 yanvariga qadar:
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamda uning a’zolari mol-mulk, yer solig‘i va qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘idan;
ippodromlar, ot sporti klublari va sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqalar, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalar, vitaminlar, uskunalar va materiallar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imidan tashqari) ozod etiladi.
15.Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda 2021-2023 yillarda ot sporti maktablari hamda klublarini tashkil etish va o‘ziga tegishli bo‘lganlarini takomillashtirish choralarini ko‘rish, shuningdek, idoraviy mansub yilqichilik va sport bazalarini ularda yoshlarni
ot sporti bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida barcha uchun ochiq bo‘lgan seksiyalar hamda to‘garaklarni tashkil etgan holda modernizatsiya qilish ishlarini boshlasin.
16. Toshkent shahar hokimligi Iqtisodiy taraqqiyot
va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda O‘zbekiston yilqichilik
va ot sporti federatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Markaziy ippodrom” AJda rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarini davom ettirish yuzasidan aniq hisob-kitoblarga asoslangan va moliyaviy manbasi aniqlangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Toshkent viloyati hokimligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda:
belgilangan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar o‘z muddatida bajarilishi yuzasidan monitoring yuritilishini hamda har chorak yakuni bilan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borilishini;
zimmasiga olingan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rni Investor hisobidan to‘liq qoplanishini ta’minlasin.
18. Toshkent viloyati hokimligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida investitsiya loyihasi uchun ajratiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydoniga teng miqdorda yangi yerlar o‘zlashtirilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
19. Qurilish vazirligi mazkur qaror doirasida ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha bajariladigan ishlarning sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 11 mart