O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i
Er uchastkalari va mol-mulkni soliqqa tortishni yanada takomillashtirish, ularni baholash va hisobini yuritishda zamonaviy usullarni joriy qilish, yer va suv resurslari, yer qa’ridan qazib olinadigan foydali qazilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini yanada oshirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkasiga 0,5 dan 2,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilaydi;
tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangan, Toshkent shahri bo‘yicha esa – Soliq kodeksida belgilangan yer solig‘i stavkalariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, mavze, mahalla, ko‘cha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqi beriladi.
2. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashda yer solig‘i stavkalarini respublikaning hududlari kesimida nazarda tutsin. Bunda, 2021 yilda soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar belgilansin:
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim;
2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.
3. Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2021 yilda resurs soliqlari va mol-mulk soliqlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari ma’qullansin:
dehqon xo‘jaliklari va meva‑sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalariga yer solig‘ini hisoblashda yer solig‘i stavkasini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun o‘rnatilganidek belgilagan holda, joylashgan joy va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekin turlari koeffitsiyentlari hamda qishloq xo‘jaligi ekinzorlari normativ qiymatidan kelib chiqib hisoblash tartibini joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarga soliq solish tartibini birxillashtirish;
barcha turdagi chiqindilarni saqlash va ularni utilizatsiya qilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i uchun soliq solish ob’ektidan chiqarish;
tegishli suvni hisoblash hisoblagichlari mavjud bo‘lganda, ishlab chiqarish jarayonida agregatlarni (turbinalarni) sovutish uchun suvdan foydalanuvchi yuridik shaxslarga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliqqa tortish bazasini tabiiy suv ob’ektlaridan olingan va tabiiy suv ob’ektlariga qaytarib tashlangan suv hajmi o‘rtasidagi farqdan kelib chiqib hisoblash;
kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 2020 yil darajasida saqlab qolish, qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish va baliqlarni ko‘paytirish (yetishtirish) uchun foydalanilgan suv hajmi qismida esa, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklariga 1 kub metr uchun 40 so‘m miqdorida yagona soliq stavkasini belgilash;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarishda turli maqsadlarda foydalaniladigan suv resurslari hajmining hisobini alohida-alohida yuritish tartibini kiritish;
yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan soliq organlariga foydali qazilmalar zaxirasi harakati to‘g‘risidagi hisobotni yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha yillik soliq hisobotini taqdim etish bilan bir vaqtda, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron ko‘rinishda taqdim etish tartibini belgilash.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (B.F.Islamov) Moliya vazirligiga respublika hududida foydali qazilmalarni qazib olish uchun beriladigan litsenziyalar monitoringi asosida ular bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini belgilashga doir takliflarni kiritib borsin.
4. Davlat soliq qo‘mitasiga foydali qazilmalarni haqiqiy qazib olishga nisbatan qo‘llaniladigan va foydali qazilmalarni me’yordan ortiq yo‘qotish to‘g‘risidagi geologik-marksheyderlik ma’lumotlarining haqqoniyligini nazorat qilish uchun zarur uskunalarni xarid qilgan holda viloyatlar soliq boshqarmalarining shtat birliklari doirasida 3 shtat birligigacha marksheyderlarni jalb qilish huquqi berilsin.
Davlat soliq organlariga vakolatli organ va sudlarga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan soliq qonunchiligi muntazam ravishda buzilgan va (yoki) foydali qazilmalar zaxirasi harakati to‘g‘risidagi hisobot taqdim etilmagan taqdirda litsenziyani chaqirib olish yoki to‘xtatib turish masalasi bo‘yicha tashabbus bilan chiqish vakolati berilsin.
5. 2021 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan “Xavfsiz daryo” DUKga daryo o‘zanlarini tozalash natijasida olingan qum-shag‘al materiallarining har bir kub metri uchun to‘lov miqdori shartnoma tuzilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizidan 0,1 foiziga tushirilsin.
Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) manfaatdor idoralar bilan birgalikda noruda foydali qazilmalari konlarini o‘zlashtirish va ularning samarali qazib olinishini ta’minlash maqsadida noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini qayta ko‘rib chiqsin.
6. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 iyuliga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda o‘rmon xo‘jaliklari, baliq ovlash xo‘jaliklari, ovchilik xo‘jaliklari, shuningdek, istirohat bog‘larini soliqqa tortish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining mol-mulk va yer soliqlarini ko‘chmas mulk (bino, inshoot va yer uchastkalari) ob’ektlariningbozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida hisoblash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tizimi ikki bosqichda joriy etiladi:
birinchi bosqichda (2021–2023 yillar) – ko‘chmas mulk bo‘lgan turar joy fondi ob’ektlari (kvartira, yakka tartibdagi uy-joylar, dala-hovli), shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan;
ikkinchi bosqichda (2022–2024 yillar) – yashash uchun mo‘ljallanmagan alohida ko‘chmas mulk ob’ektlari, shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan.
8. Vazirlar Mahkamasi (J.A.Qo‘chqorov), Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev), zarurat tug‘ilganda xorijiy ekspertlarning xizmatiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan haq to‘lagan holda ularni jalb qilish orqali:
a) ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish uchun Jahon bankidan imtiyozli kreditlar jalb qilinishini;
b) 2021 yil 1 aprelga qadar xalqaro moliya institutlari ekspertlari bilan birgalikda ko‘chmas mulk ob’ektlariga soliq solishni yanada takomillashtirish bo‘yicha yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini o‘rniga ko‘chmas mulk solig‘ini kiritishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
v) ko‘chmas mulk ob’ektining (bino, inshoot va yer uchastkalari) yuridik yoki jismoniy shaxs egaligida bo‘lishi emas, balki ularning kadastr qiymatidan va ob’ektning foydalanish maqsadidan kelib chiqqan holda soliq solish tartibi birxillashtirilishi va yer solig‘i bo‘yicha advalor stavka kiritilishini;
g) belgilangan tartibda quyidagi loyihalar kiritilishini:
2021 yil 1 avgustga qadar – kadastr qiymatini maksimal darajada bozor bahosiga yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratgan holda, turar joy fondi ko‘chmas mulki ob’ektlarning kadastr qiymatini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda yakka tartibdagi uy-joy qurish va uy-joyga xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalarining kadastr (bozor) qiymatini aniqlash tartibini kiritish bo‘yicha hukumat qarori;
2021 yil 1 noyabrga qadar – yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari va ushbu ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalarining bozor bahosiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan kadastr qiymatini aniqlash mexanizmini kiritish to‘g‘risida hukumat qarori;
2021 yil 1 dekabrga qadar – foydalanishga ruxsat etilgan yer uchastkalari turlari klassifikatorlari va ularga bo‘lgan huquqlarni tugatish uchun asoslarni nazarda tutuvchi Yer kodeksining yangi tahriri;
d) 2021–2022 yillarda respublikaning quyidagi “tajriba-sinov” hududlarida yer uchastkalaridan foydalanilishiga va kapital qurilish ob’ektlarining belgilangan maqsadiga qarab ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatiga asoslangan kadastr qiymatini aniqlash bo‘yicha eksperiment o‘tkazilishini ta’minlasin:
turar va noturar (tijoriy) joylarga mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob’ektlari – Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani;
sanoat ob’ektlari – Navoiy viloyati Navoiy shahri;
rekreatsion zonalar va alohida qo‘riqlanadigan hududlar ob’ektlari – Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan ob’ektlar – Buxoro viloyati Romitan tumani.
Moliya vazirligi 2021–2024 yillar davomida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni baholashni o‘tkazish uchun Davlat soliq qo‘mitasining asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra Davlat byudjetidan mablag‘ ajratib borsin.
9. Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (X.S.To‘raxo‘jayev) 2022 yil 1 yanvarga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr qiymatini ularning bozor bahosiga asoslangan holda aniqlash, har bir egalik qiluvchiga (foydalanuvchiga) tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bazasini yaratish uchun axborot tizimini takomillashtirish, ko‘chmas mulk ob’ektlarini ularning bozor bahosidan kelib chiqqan holda sifatli baholashdan o‘tkazish metodikasini ishlab chiqsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4816-son qarorining 1-bandi beshinchi xatboshidagi “suv resurslaridan” so‘zlaridan oldin “2020 yilda” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
11. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2020 yil 3 dekabr