Hindistonda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Indian Open” xalqaro turnirida yetti nafar bokschimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning yarim final bellashuvlarida sportchilarimizga Kuba, Filippin hamda hindistonlik bokschilar raqiblik qildi. Final yo‘llanmasi uchun 52 kilogrammgacha vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Xudoynazar Fayzov filippinlik Marvin Tabamoni mag‘lubiyatga uchratdi.
Yarim finalda vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan Abdulhay Shorahmatov hindistonlik Etash Xanni yenggan bo‘lsa, 64 kilogrammgacha vaznda Iqboljon Xoldorov yana bir mezbon bokschi Diraj ustidan zafar quchdi. Shuningdek, Bobousmon Boturov o‘z vazn toifasida Sing Negi (Hindiston)ni, Isroil Madrimov esa Mandip Jangra (Hindiston)ni mag‘lub qildi.
91 kilogrammgacha vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Sanjar Tursunov Hindiston sharafini himoya qilgan Sumit Sangvanga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Vazni 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan Bahodir Jalolov kubalik Toyrak Ortegani yengdi.
Mazkur musobaqaning final uchrashuvlari ertaga o‘tkaziladi.