Jinoyat sodir etgan shaxslarning jazodan qutilib qolish uchun yashirinishi, boshqa davlatlarga qochib ketishi uchrab turadi.

Ularni qidirib topish, qonun hukmiga topshirish huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan doimiy masalalardan biri hisoblanadi

Chunki xavfli jinoyatchining jazosiz qolishi, odamlar orasida bo‘lishi katta xavf va bu yangi jinoyatlarga yo‘l ochmasligiga kafolat yo‘q.

Qidiruvga berilgan va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan topib, ushlanayotgan shaxslar orasida firibgarlik jinoyatini sodir qilib qochib yurganlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, yaqindagina Qibray tumanida xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektori «Lacetti» rusumli avtoulovda ketayotgan shaxsni to‘xtatgan. Tekshiruv vaqtida tegishli hujjatlar yo‘qligi aniqlagan.

Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida fuqaroga tegishli ma’lumot planshet orqali bazaga kiritilganida esa haydovchi A.X. qidiruvdagi shaxs ekani aniqlangan va u shu vaqtning o‘zida ushlangan.

Surishtiruv ishlari natijasiga ko‘ra, haydovchi 1978 yilda tug‘ilgan A.X. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan ayblanib, Toshkent shahar Shayxontohur tumani Ichki ishlari organi (IIO) faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi (FMB) tomonidan dekabr oyidan buyon qidiruvda ekani ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati Boysun tumani hududida joylashgan “Darband” yo‘l-patrul xizmati maskanida ham shunday holat kuzatildi.

Xizmat olib borayotgan xodim “Toyota” rusumli avtomashina haydovchisiga oid ma’lumotlarni planshet moslamasi orqali tekshirganda, u Sariosiyo tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan qidirilayotgan shaxs bo‘lib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni qasddan sodir etib, tergov va sud organiga kelmasdan, o‘zining yashash joyini o‘zgartirib yurgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qidiruvda bo‘lgan fuqaro Boysun tumani ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.

Bektemir tumanida joylashgan “Sharq” yo‘l-patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan xodimlar poytaxtga kirib kelayotgan «Tracker» rusumli avtomobilni to‘xtatib, haydovchiga oid ma’lumotlarni tekshirganda qidiruvdagi yana bir shaxs aniqlandi.

1990 yilda tug‘ilgan Sh.Sh.ga oid ma’lumotlar planshet moslamasi yordamida, maxsus dastur orqali tekshirilganida, u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, qidiruvdaligi ma’lum bo‘ldi.

Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro Bektemir tumani IIO FMBga topshirilgan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlangani katta qulaylik yaratmoqda. IIVdan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda JTSBX xodimlarida 1 550 ta, YPX xodimlarida 4 ming 79 ta “bodikamera” mavjud, planshetlar soni esa 3 ming 514 dona.

Huquqbuzarliklar profilaktika xizmati xodimlarida 6 ming 196 ta planshet mavjud.

Ilgari shubhali shaxs ushlanganda uning shaxsini aniqlash bo‘yicha tegishli tartibda so‘rov yuborish, natijasini kutishga to‘g‘ri kelgan.

Sir emaski, jinoyat sodir etib qochib yurganlarning aksariyati xorijiy davlatlarga chiqib ketadi. Bunday shaxslar Interpol tizimi orqali qidirib topilmoqda.

Bu yo‘nalishda O‘zbekistoni Interpoli xorijiy davlatlar, xususan, AQSH Interpol milliy markaziy byurosi bilan hamkorligi natijasida yaqinda qidiruvdagi bir shaxsni ushlab, yurtimizga keltirgan.

O‘zbekiston Iterpol milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan yuborilgan ma’lumotlar va tezkor harakatlariga ko‘ra, AQSHdagi mutaxassislar xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsni qo‘lga olgan. Nyu-York shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbir davomida T.A. Nyu-Yorkdagi chegara nazorat punktidan o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Bu shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat (odam savdosi)ni sodir etgani uchun huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan edi.

Aytish kerakki, ayni paytda IIV rasmiy saytida qidirilayotgan shaxslar soni 3 ming 915 ta ekani qayd etilgan.

2022 yilda tizimda qidiruvdagi 3 ming shaxsni topish reja qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda qidiruvdagi 1888 nafar shaxslar ushlandi, bedarak yo‘qolgan 263 nafar shaxs esa topilgan. 2020 yilda qidiruv e’lon qilingan shaxslarning 2 ming 446 nafari ushlangan.

Qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash ichki ishlar barcha soha va xizmatlari zimmasiga yuklatilgan vazifalardan biri bo‘lib, bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA