O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Shu munosabat bilan kechgan suhbat davomida davlat rahbari o‘tgan yil Samarqandga amalga oshirgan tashrifini iliqlik bilan esladi.

52 yoshli Nodir G‘aniyev Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) sharqshunoslik fakultetini bitirgan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab kelmoqda. Dastlab markaziy apparatda, so‘ngra xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizda turli lavozimlarda xizmat qilgan.

Xususan, Yevropa mamlakatlari va YeI institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Parijga borishidan oldin dastlab O‘zbekistonning Shvetsiyadagi muvaqqat ishlar vakili, 2023 yil oktyabr oyidan esa birinchi Favqulodda va muxtor elchisi edi. Stokgolmdagi elchixonamiz 2022 yil ochilgan.

Mamlakatimizning Fransiyadagi diplomatik missiyasi avvalgi rahbari Sardor Rustamboyev yanvar oyida Hindistonga elchi etib tayinlangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA