Prezidentning “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-311-sonli qarori mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Ushbu qaror bilan davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar tizimini joriy etish, tibbiy sug‘urta orqali aholiga moliyaviy yengillik yaratish va sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qarorning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Davlat tibbiy sug‘urtasi: Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ta’minoti
Qarorga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi va dori vositalari taqdim etiladi. Ushbu xizmatlar va dorilarni ta’minlashda aholining yelkasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk yuklanmaydi, ya’ni sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi. Xizmatlar va dorilar soliq to‘lovlaridan shakllangan davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi, bu esa sug‘urtalangan shaxslarning tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Tibbiy sug‘urta mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi
Qarorda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan. Ushbu mexanizmlar orqali aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari belgilanadi. Bular davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan va sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari orqali taqdim etiladigan tibbiy xizmatlar hamda dori vositalarini o‘z ichiga oladi.
Elektron tizimlar va zamonaviy xizmat ko‘rsatish
Aholining bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi. Shuningdek, dori vositalari shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida beriladi va ushbu xarajatlar sug‘urta jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. Bu reimbersatsiya dasturida amalga oshirilib, moliyaviy shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qarorda “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimini joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu tizim tibbiy muassasalar faoliyatini elektron shaklda boshqarish imkonini beradi. Bu raqamlashtirish sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamdir.
Kafolatlangan paket va imtiyozli toifalar
Qaror asosida davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etadi. Bu esa davlat va xususiy sektorning tibbiyot sohasidagi hamkorligini kuchaytirib, aholining keng qamrovli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlariga ko‘ra, tuman, viloyat va respublika shifoxonalarida kasallikning og‘irlik darajasiga qarab bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi. Shuningdek, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.
2025 yildan boshlab rejalashtirilgan o‘zgarishlar
2025 yil 1 iyuldan e’tiboran davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda rejalashtirilgan statsionar tibbiy yordamdan elektron navbat asosida bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Ushbu imtiyoz jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar, soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar, shuningdek, voyaga yetmaganlar, talabalar, ishsizlar, homilador ayollar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi bilan shug‘ullanuvchilar va davlat pensiyasi oluvchilar hamda kam ta’minlangan oilalarning a’zolari uchun amal qiladi.
2027 yil uchun belgilangan yirik islohotlar
2027 yil 1 yanvardan boshlab, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida kamida 6 oy davomida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lagan shaxslar yuqori texnologiyalik tibbiy yordamdan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu davlat tomonidan sog‘liqni saqlash tizimidagi moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan muhim chora bo‘lib, zamonaviy tibbiy xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviylashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, aholiga tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Bu islohotlar mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Umidjon Qurbonov, O‘zA