Saudiya Arabistoni Falastin davlati yaratilmaguncha Isroil bilan aloqa o‘rnatmaydi va mustaqil davlat paydo bo‘lishi uchun sa’y-harakatni to‘xtatmaydi. Qirollik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Sho‘ro majlisi (Majlisi Ash-Shura) maslahat kengashi navbatdagi yig‘ilishini ochib berarkan, shu mazmunda gapirdi.
– Falastin davlatini tuzish talabi amalga oshmaguncha, biz Isroil bilan munosabat o‘rnatmaymiz, – dedi bin Salmon. Uning chiqishi “Al-Ixboriya” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilib borilgan.
Notiq Isroil Falastin xalqi huquqini buzayotganini qoralashini ham ta’kidlagan.
BMT Xavfsizlik kengashi tasdiqlagan rejada 1967 yildagi chegara asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlatini tuzish ko‘zda tutilgan.