Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 600 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Talabalar turar joyi binosining qurilish-rekonstruksiya ishlariga institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 3 milliard 855 million so‘m ajratildi. Nukus shahridagi “Golden Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlaridan so‘ng 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi 600 o‘ringa yetkazildi. 1 milliard 600 million so‘mlik mebel jihozlari, 545 million so‘mlik zamonaviy gaz plitalari, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar, dazmollar, suv isitish uskunalari kabi maishiy texnikalar bilan ta’minlandi.

Talaba-yoshlarning o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni talabalar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuterlar xonasi, axborot-resurs markazi, san’atga qiziquvchi yoshlar uchun cholg‘u asboblari bilan, tikuvchilik sirlarini o‘rganishi uchun tikuv mashinalari bilan jihozlangan to‘garaklar tashkil etilgan. Ovqatlanish, yuvinish, internet tarmog‘idan foydalanish, gazeta-jurnallar mutolaa qilib, televizor tomosha qilish uchun barcha sharoit mavjud.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, talabalar turar joyiga birinchi navbatda chet el fuqarolari, olis viloyatlar hamda tumanlardan qatnab o‘qiydigan kam ta’minlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan, “Temir daftar” ga kiritilgan oilalarning farzandlari joylashtiriladi. Kelgusida Nukus davlat pedagogika institutining 5 qavatli, 1250 o‘ringa mo‘ljallangan yangi talabalar turar joylari binosi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 73 milliard 322 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida olib borilayotgan mana shunday ishlar mazkur masalaga davlat va hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilayotganligidan darak beradi.

Tadbir ishtirokchilari talabalar turar joyidagi sharoitlar bilan tanishdi.

 

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA