Orolbo‘yi hududida joriy qishda o‘tgan yillarga nisbatan ko‘proq qor yog‘moqda. Ayrim hududlarda dekabr oyida yoqqan qor erib ulgurmasdan yana yog‘ishi natijasida bir oycha qor bilan qoplanib turgan dalalar bor.

Qor – suv manbasi hisoblanadi. Mintaqada suv tanqis bo‘lib turgan hozirgi paytda ushbu tabiat ne’mati dalalarga ya’ni, g‘alla maydonlari uchun qanchalik foydali? Beruniylik qishloq va suv xo‘jaligi mas’ullari bu borada kichik tajriba o‘tkazib ko‘rdi.

– Dehqonlar orasida qor havodagi chang-tuzlar hisobiga sho‘r bo‘lishi, g‘alla nihollariga ziyon yetkazishi mumkin, degan fikrlar tarqaldi, – deydi Beruniy tumani irrigatsiya bo‘limi rahbari Jasur Yeshanov. – Biz, tuman hokimligi mas’ullari bilan birgalikda g‘alla maysalari ustini qoplagan qorni maxsus uskuna yordamida sinovdan o‘tkazdik. Uskunada 0,04 dan 0,08 gacha bo‘lgan ko‘rsatkich aks etdi.

Keyin erib ulgurgan qor suvini tekshirib ko‘rdik. Bunda uskuna 17,53 ni ko‘rsatdi, ya’ni, qor sho‘r emas, xavotirga o‘rin yo‘q. Aksincha, ketma-ket yoqqan qalin qor g‘alla maydonlari uchun juda foydali bo‘lib, kamida bir marotaba sug‘orilgandek ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Qor ostidagi bug‘doy maysalari yaxshi sharoitda, hatto yashilligini yo‘qotmasdan o‘sib rivojlanayotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, Orolbo‘yida yuqorida keltirilgan konduktometr uskunasidan suvchilar vegetatsiya davrida ham foydalanib kelmoqda. Sir emas, keyingi yillarda ekinlarni saqlab qolish va sug‘orish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Ayrim hududlarda suv taqchilligi sababli zovur suvlarini qo‘shimcha kanal suviga qo‘shgan holda foydalanilmoqda. Bunda zovur suvining sho‘rlanish darajasi maxsus uskuna yordamida tezkor aniqlanib, mutaxassislar tavsiya etgan me’yorlarga amal qilinmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, maxsus batareyali uskuna – konduktometr – yordamida tuproqning sho‘rlik darajasi ham aniqlanadi. Bu asosan sho‘r yuvish tadbirlari oldidan dehqonlarga qaysi dalaga qancha miqdorda suv quyish bo‘yicha tavsiya berishda qo‘llaniladi. Bu usul sinovdan o‘tgan bo‘lib, juda sodda va tezkordir.

Dovud Abibullayev, O‘zA