Bo‘zatov tumani (Qoraqalpog‘iston) aholisi uchun chorvachilik asosiy daromad manbai hisoblanadi, ammo qishloq aholisining ilg‘or texnologiyalar, ta’lim va maslahat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati birmuncha cheklangan.

Ayni paytda, sog‘in sigirlarni to‘g‘ri parvarish qilish, sut mahsulotlari olishda sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya qilish, yirik va mayda shoxli mollarni kasallikdan himoya qilish bevosita sohaning samaradorligiga ta’sir qiladi.

Shunday ekan, mahalliy aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi bilan hamkorlikda chorvachilik bo‘yicha trening o‘tkazdi.

Tadbirda 50 nafarga yaqin Bo‘zatov tumanidagi qishloq ayollari va yoshlar ishtirok etgan. Trening davomida chorvachilikda uchraydigan kasalliklarning oldini olish, samarali ozuqa ratsionlarini yaratish, sutni uyda saqlash va qayta ishlash masalasi ko‘rib chiqildi.

– Qishloq xo‘jaligida innovatsion tajribani uy xo‘jaliklari darajasida targ‘ib qilishga, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirishga harakat qilamiz, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Treningda olingan bilim va ko‘nikmalar ishtirokchilarga xo‘jalikni yanada samarali boshqarish va ko‘proq foyda olish imkonini beradi, degan umiddamiz.

Suvni tejovchi texnologiyalar mavzusida ham trening tashkil etilgan. Unda aholi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish tizimini aholi tomorqalarida to‘g‘ri ishlatish yo‘llari va suv resurslaridan oqilona foydalanishning boshqa masalalari kabi mavzular yoritilgan.

Avvalroq ushbu loyiha doirasida FAO milliy hamkorlar bilan birgalikda Bo‘zatovda bog‘dorchilik, baliqchilik va tuproqni muhofaza qiluvchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlari mavzulari bo‘yicha treninglar o‘tkazgan edi.

Xuddi shunday tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Qolaversa, loyiha doirasida fermer xo‘jaliklari ko‘chatzor va baliq boqish havzalarini yaratish uchun zarur asbob-uskuna bilan ta’minlanadi.

O‘zA