Adliya vazirligiga aholi turli mavzularda murojaatlar yo‘llaydi. Ularga ommaviy javob berish orqali ham aholining huquqiy savodxonligi oshirilmoqda. Navbatdagi savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:

– Xorijdagi oliy o‘quv yurtlaridan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Lekin bu asossiz xabar bo‘lib chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabar tarqatganlarga jazo bormi?

– Albatta, nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki boshqa vositalar orqali yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jazo bor. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish BHMning 50 baravari (13 mln 500 ming so‘m)dan 100 baravari (27 mln. So‘m) gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksiga ko‘ra shaxsning or-nomusi, sha’ni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘sini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli ma’naviy zarar yetkazilgan bo‘lsa, yetkazuvchining aybidan qat’iy nazar, qoplanishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga muvofiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (54 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

– Hozirgi kunda kontrafakt mahsulotlar soni oshib bormoqda. Umuman qonunchilikda shunday mahsulotlar sotganlik yoki tarqatganlik uchun javobgarlik bormi?

– Haqiqatdan ham so‘ngi vaqtlarda kontrafakt mahsulotlar soni oshmoqda. Buning oldini olish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Kontrafaktsiz mahsulotlar oyligi” o‘tkazib kelinmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

– Farzandim uchun sobiq turmush o‘rtog‘imdan aliment olaman. U Rossiya davlatida ishlaydi. To‘layotgan puli juda kam. Shuni ko‘paytirish mumkinmi?

– Oila kodeksi 99-moddasiga asosan agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan undirib beriladi.

Bunda ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining: bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.

Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Siz aliment miqdorini ko‘paytirish to‘g‘risida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishingiz mumkin.

N.Abduraimova, O‘zA