Ma’lumki, respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, 2022 yil 7 fevraldan boshlab barcha ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishi e’lon qilingan edi.

Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli xil talqin qilinib, keng jamoatchilik, ayniqsa talaba-yoshlar va ularning ota-onalari orasida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy turar joylaridan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirish, talabalar-turar joylari, ijara asosida yashaydigan talabalarning ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkaziladi. Shu davrda dars mashg‘ulotlari bir vaqtning o‘zida ham masofaviy ham an’anaviy shaklda olib boriladi.

Bu jarayon har bir oliy ta’lim muassasasining ichki imkoniyatlari, o‘quv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar har bir ta’lim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 24 fevraldan boshlab o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklda olib borilishini ma’lum qiladi.