Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik blogerlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonliklar uyushmasi faoliyatini yurtdoshlarimiz orasida keng targ‘ib qilish maqsadida instagram ijtimoiy tarmog‘ida keng auditoriyaga ega blogerlar taklif qilingan.

Muloqot davomida blogerlarga mazkur jamoatchilik tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, imzolangan memorandumlar va yurtdoshlarimiz murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Vatandoshlarga turli sohalarda yordam ko‘rsatilmoqda. Imtiyozli shartlarda yuridik xizmatlar ko‘rsatish, “Bon” shifoxonasida ortopedik jarrohlik bo‘yicha bepul davolanish, talabalar uchun shaxsiy sug‘urta va koreys tili kurslarini bepul o‘qitish shular jumlasidan. Shuningdek, blogerlar Kvanju shaxridagi “Umid” ijtimoiy ta’minot markaziga ham tashrif buyurgan. Ular boshpanasiz qolgan yurtdoshlarimizning yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan.

Uchrashuvda tomonlar uyushmasi faoliyatini keng yoritish yuzasidan hamkorlikni yanada jadallashtirish to‘g‘risida kelishib oldi.