Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida Beruniy tumani va Nukus shahriga press-tur tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbir ishtirokchilari dastlab Beruniy tumanidagi Doktor Maqsudova innovatsion klinikasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2018 yil 3 noyabrdagi qaroriga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi va “Beruniy innovation dmclinic” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Beruniy tuman hokimligi o‘rtasida “Xorazm” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Sil kasalliklariga qarshi kurashish dispanseri ob’ektiga investitsiya kiritish va ijtimoiy majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan 2019 yil 11 fevral kuni oldi-sotdi shartnomasi imzolangan. Shartnomada “Beruniy innovation dmclinic” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mazkur ob’ektga 9300,0 million so‘m investitsiya kiritish, 18 ta yangi ish o‘rni yaratish va innovatsion klinika tashkil etish rejalashtirildi.

Investitsiya kiritilib, qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. bugungi kunda AQSH, Yevropa davlatlarining, Yaponiya va Koreyaning eng zamonaviy tibbiy uskunalari o‘rnatilib, aholiga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Natijada 20 tadan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

– Bu yerda nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, balki Xorazm va Buxoro viloyatlari aholisiga ham tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi bosh shifokor Vaxid Hakimov. – Bemorlarga ko‘z kasalliklaridan tashqari otorinolaringologiya, kardiologiya, stomatologiya, ginekologiya, klinik laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha ham xizmat ko‘rsatiladi.

Avvallari qarovsiz bo‘sh turgan inshoot o‘rnida zamonaviy tibbiyot muassasasining qad rostlagani aholi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Nukus shahrida polimer mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilib, 2017 yil 24 iyulda zavodning qurilish ishlari yakunlandi va turli diametrdagi polietilen quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga quyildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Nukus polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushini to‘laligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotilishi belgilangan. Mazkur farmonga asosan, “e-auksion” elektron savdo platformasiga savdoga chiqarilib, auksion natijalariga muvofiq “Aromatniy mir shark” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 35 milliard so‘mga besh yil bo‘lib to‘lash sharti bilan uch tomonlama shartnoma imzolandi.

Korxonada bugungi kunda 16 diametrdan 630 lik diametrgacha  bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqarilmoqda. 2021 yilning aprel oyidan boshlab tomchilatib sug‘orish lentalari ishlab chiqarila boshlandi. Yiliga 8000 tonna quvur va 1200 tonna tomchilatib sug‘orish lentasini ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 50 kishi, asosan, yoshlar ish bilan ta’minlangan.

Tadbir ishtirokchilari korxonada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

–O‘tgan yil davomida davlat tashkilotlarida ehtiyoj bo‘lmaganligi sababli bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan 93 ta bino-inshoot belgilangan tartibda savdoga chiqarilib, ulardan 40 tasi tadbirkorlik sub’ektlariga 45,6 milliard so‘m hamda 6,8 milliard so‘m investitsiya kiritish, shuningdek, 143 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan sotildi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoralpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ispandiyar Dalibayev. – Shuningdek, bugungi kunda 53 ta ob’ekt 120,8 milliard so‘mga boshlang‘ich bahoda “ye-auksion” elektron savdo platformasida savdoda turibdi. Shu bilan birga, hozirda yana 7 ta davlat mulki ob’ektini sotish maqsadida takliflar qabul qilinib, bugungi kunda hududiy tanlov komissiyasiga kiritilgan. Ushbu ob’ektlar hududiy tanlov komissiyasi tomonidan ma’qullanganidan keyin tez kunlarda savdoga chiqarilib, tadbirkorlarimizga o‘zlarining loyihalarini amalga oshirishi uchun yanada qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA