Xitoyning yirik nashrlaridan biri – «Global Times» gazetasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan yirik maqola e’lon qilindi.

Maxsus sahifada O‘zbekiston va Xitoy diplomatik munosabatining 30 yilligi munosabati bilan respublikamiz zamonaviy taraqqiyoti, ikki davlat aloqalari xususida so‘z boradi.

Muallif, jumladan, shunday yozadi: “Qisqa tarixiy davr ichida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabat do‘stlik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda savdo, investitsiya, energetika, transport, kommunikatsiya, madaniy-gumanitar almashinuv, turizm kabi ko‘plab sohalarda jadal, ko‘p qirrali hamkorlik kuzatilmoqda”.

Nashr yozishicha, 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari ikki tomonlama, shuningdek “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish, har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Kun tartibida elektron tijorat va raqamli logistika, yashil texnologiya, muqobil energiya, innovatsiya, COVID-19 ga qarshi kurash va boshqa yo‘nalishlar ustuvor.

O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi alohida e’tiborda: “O‘zbekiston 2022 yildagi raisligi davrida SEO-savdosini rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakat rejasini ishlab chiqish, SHHTning sanoat hamkorligi dasturini tayyorlash va qabul qilish, transport aloqasini rivojlantirish strategiyasini qabul qilishga, qashshoqlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish bo‘yicha hamkorlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytirish, axborot xavfsizligi forumini tashkil etish, “xalq diplomatiyasi”ni va ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, muloqotni faollashtirish, tashkilotga a’zo davlatlar va sheriklarning hamkorlikdagi faol ishtirokini ta’minlash, o‘zaro manfaatli SHHT loyihalarini amalga oshirishga ustuvor ahamiyat berishni taklif qilmoqda”.

Maqolada ta’lim sohasidagi hamkorlik samarasi alohida qayd etilgan: “Minglab o‘zbekistonlik talabalar Xitoyning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida eng ommabop mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olmoqda. O‘zbekistonlik yoshlarning xitoy tilini o‘rganishga qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda”.

Shuningdek, gazeta o‘quvchilari O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, mamlakatning bugungi kundagi natijalari va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi loyihalaridagi faol ishtiroki bilan yaqindan tanishtirilgan.

“O‘zbekiston Xitoy bilan ikki tomonlama formatda ham, xalqaro tuzilmalar, jumladan SHHT doirasida ham yoshlar jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlar muloqotini faollashtirish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish uchun kelgusida samarali hamkorlik qilishga tayyor”, — deya xulosa qiladi nashr.

Eslatib o‘tamiz, XXRning yetakchi nashrlaridan biri “Global Times” (“Xuansyu shibao”) xalqaro voqealarni yoritishga ixtisoslashgan.

O‘zA