Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchisi, Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Maqsudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jidda shahrida o‘tkazilayotgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Yuqori martabali namoyandalarining yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Yig‘ilishda qatnashayotgan tashkilotga a’zo 56 ta davlat vakillari joriy yil mart oyida Pokiston poytaxti – Islomobod shahrida bo‘lib o‘tadigan IHT Tashqi ishlar vazirlarining 48-sessiyasiga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, siyosiy, iqtisodiy, inson huquqlari, xalqaro axborot, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishdagi rezolyutsiya loyihalarini muhokama qilishdi. Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, IHT Tashqi ishlar vazirlarining 47-sessiyasi 2020 yil 27-28 noyabr kunlari Niger poytaxti Niamey shahrida o‘tkazilgan edi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston tomoni «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish» hamda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» haqidagi maxsus rezolyutsiyalar taqdimotini o‘tkazdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan rezolyutsiyalar, xususan, Orolbo‘yicha haqidagi hujjat mintaqada ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini barpo etish va hudud aholisi sharoitini yaxshilashga qaratilgani alohida ta’kidladilar.

Majlisda mazkur hujjat loyihasi ma’qullanib, IHT Tashqi ishlar vazirlarining 48-sessiyasida qabul qilish uchun tavsiya etildi.

G. Sattorova, O‘zA