O‘tgan yil dekabrida koronavirusning yangi shtammi – omikron faol tarqala boshladi.

Bir qancha ekspertlar omikron «hindcha variant» – delta shtammidan ancha xavfli hamda emlash samaradorligini pasaytiradi, deya taxmin ham qilishgandi. Shu ma’noda biz ham bu savolga javob olishga qiziqdik.

Xo‘sh, omikron haqida hozircha nimalar ma’lum? U chindan delta shtammdan xavfliroqmi? Omikron uchun yangi, alohida vaksina ishlab chiqarish zarurmi? Shu kabi savollarga shifokor-infeksionist Andrey Pozdnyakovning javobini keltirib o‘tamiz (kommersant.ru saytiga bergan intervyusidan: 

– Omikron va delta shtammlari farqi nimada? Virusning yangi variantini xavfliroq deyish mumkinmi?

– Omikron deltaga qaraganda yuqumliroq, klinik namoyon bo‘lishida ham farqlar mavjud(ammo uncha katta emas).

Delta shtammi oddiy respirator infeksiyaga (nafas yo‘llari infeksiyasiga) o‘xshash, patognomonik, ya’ni faqat ushbu shtamm uchun xos xususiyat kasb eta boshladi. Hid bilish yo‘qolishi ko‘rinishidagi alomatlar esa kamaya boshladi.

Omikron shtammida esa hozircha patognomonik hech narsa topilmadi: respirator namoyon bo‘lish, mushaklar og‘rig‘i, kuchli charchoq, tungi terlash, ishtaha pasayishi boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarda ham uchraydi.

– Omikron haqida hozircha ko‘p narsa ma’lum emas. Aynan hozir nimalar ma’lum?..

– Bu shtamm ilk bor bir oycha avval Botsvana, Janubiy Afrika olimlari tomonidan aniqlangan edi. U deltaga qaraganda tezroq tarqalmoqda.

Hozircha ushbu shtammning patogenligi oshishi haqida kam ma’lumot mavjud. Patogen bo‘lish-bo‘lmasligini yaqin bir-ikki oy ichida bilib olsak bo‘ladi.

– Vaksinalar omikronga qarshi samarasiz bo‘lib qoladimi?

– Nemisva britaniyalik tadqiqotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, omikron shtammi emlanganlarda ko‘proq uchramoqda ekan. E’tibor bering, «emlanganlar orasida ko‘proq» deyilyapti. Sababi, virusning bu shtammi tarqalgan mamlakatlarda emlanmaganlardan emlanganlar ko‘proq. Shuni ham inobatga olish zarur.

Yana bir gap. Emlanganlar va emlanmaganlarga kasallik qanday ta’sir qilyapti, shuni aniqlash, solishtirish kerak. Shunda vaksinalarning yangi shtammga qanday ta’sir qilishi ma’lum bo‘ladi.

P/S: «Pfizer» bosh direktori Albert Burla joriy yil 10 yanvarida omikron shtammiga qarshi vaksina bahorgacha tayyor bo‘lishini e’lon qildi.

Vaksinalar infeksiyani yuqtirish ehtimolidan 100 foiz himoya qilolmasligi mumkin. Ammo mabodo virusga chalinsa ham, vaksinatsiya tufayli kasallik yengil kechadi.

– Basharti omikron deltadan yuqumliroq ekan, unda vaksinalar xususiyatiga o‘zgartirishlar kiritiladimi?

– Agar vaksinalar bu yog‘iga foyda bermay qolsa, o‘zgarishlar darhol amalga oshiriladi. Hozirda bunday ma’lumotlar yo‘q. Vaksina ishlab chiquvchilar faol ravishda ma’lumot to‘plashmoqda hamda kerak bo‘lganda texnologik o‘zgarishlarni rejalashtirishmoqda.

Vaksinayaratish usullari ma’lum bo‘lgani sababli mabodo o‘zgarish kiritilgan hollarda ham vaksinalar mutlaqo yangitdan yaratilmaydi. Chunki virus «matritsa»si (o‘zagi) olimlarga ma’lum.

Mavzuga yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, JSSTga ko‘ra, omikronni to‘xtatish uchun har bir mamlakat aholisining 70 foizi emlanishi kerak ekan.

 

Maftuna Karimova tayyorladi. O‘zA