Taraqqiyot strategiyasi loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini har tomonlama kuchaytirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy ta’minot sifatini yanada oshirish borasida aniq vazifalar o‘z aksini topgan.

Shuningdek, harbiy psixologlar institutini yanada takomillashtirish hamda harbiy xizmatchilarning jangovar ruhiyatini oshirish bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilangan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitalari hamkorligida o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, Qurolli kuchlarning jangovar qudrati va salohiyatini mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyatini takomillashtirish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va vatanga sodiq hamda qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarda mavjud xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tadbirlarini yanada kuchaytirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA