O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Ibrohim Junusovni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan qabul qildi.

Uchrashuv avvalida elchining O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatini yanada yaxshilash va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi yuqori baholandi.

– Siz elchi bo‘lib ishlagan davr ikki tomonlama aloqani mustahkamlash maqsadi nuqtai nazaridan juda samarali kechdi, – dedi A.Komilov. – Turli darajada, jumladan, davlat yetakchilari, hukumat rahbarlari, vazirlik, idoralar mutasaddilari ishtirokidagi o‘zaro tashriflar har ikki tomon manfaatiga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida umumiy qabul qilingan rasmiy munosabatdan tashqari o‘ziga xos mintaqaviy, madaniy, azaliy qardoshlikka asoslangan do‘stona sheriklik ham mavjud. Zero, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ildizi, dini bir, tili, urf-odati, qadriyati o‘xshash, tarixi umumiy, kelajagi ham chambarchas bog‘liq yurtlar. Xalqlarimiz taqdirini bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda biz bugungi kunda jadal rivojlanayotgan Qirg‘iziston bilan aloqa mustahkamlanib borayotganidan behad mamnunmiz va bunday birdamlikni muntazam qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘z navbatida Qirg‘iziston elchisi mamlakatimizda diplomatik missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda yaratilgan qulay sharoit uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga qardosh respublikani har tomonlama rivojlanishi yo‘lida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan beminnat ko‘makni, namoyon etilayotgan samimiy birodarlik tuyg‘usini e’tirof etdi.

– Ayniqsa, pandemiya davrida o‘zbek-qirg‘iz do‘stligi, qardoshligi qay darajada mustahkam ekani yaqqol namoyon bo‘ldi, – dedi jumladan I.Junusov. – O‘zbekiston o‘sha og‘ir kunlarda o‘z fuqarolarini qanday qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, qirg‘iz xalqiga ham xuddi shunday ko‘mak berdi. Nafaqat poytaxtdan, balki hududlardan hududlarga ham bir necha bor insonparvarlik yordami jo‘natildi. 400 ta karantin uchun maxsus konteyner, sun’iy nafas yuborish uskunalari, birinchi navbatda zarur bo‘ladigan tibbiy jihoz, dori-darmon, oziq ovqat mahsulotlari va boshqa ko‘plab eng kerakli vositalar yuborildi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va mintaqalararo aloqa sezilarli darajada jadallashgani e’tirof etildi. Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi, turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

 

G‘.XONNAZAROV, O.G‘ULOMOV (foto), O‘zA