“Huquqiy davlatni fuqarolarning yuksak huquqiy madaniyatisiz shakllantirib bo‘lmaydi. Biroq, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlansa, ilgari ko‘proq zerikarli yig‘ilishu ma’ruzabozliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. bugungi kunda esa bunday samarasiz usullardan butunlay voz kechilmoqda”, – «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev bildirgan bu fikrda jon bor.

Haqiqatan, bugun manzilli, samarali targ‘ibot usullari ko‘zga yaqqol tashlanayotir. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlanayotgan targ‘ibot materiallari elektron, bosma usullarda tayyorlanib, manzilli ravishda yetkazib berilmoqda.

Masalan, markaz tomonidan chop etilgan ayollar huquqlariga oid qo‘llanmada opa-singillarimiz bilishi zarur bo‘lgan barcha huquqlar jamlangan. Muhimi, unda sodda va tushunarli matn va infografikalardan foydalanilgan. Qiyosiy jadvallar, qisqa tezislar har qanday o‘quvchiga tushunarli.

Huquqiy targ‘ibotda fuqarolar osonroq tushunishi uchun interfaol usullardan – viktorinalar, test va boshqa usullardan ham keng foydalanilmoqda.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tomonidan «Huquqiy axborot tarqatish zamonaviy bosqichda» mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida shular haqida so‘z yuritildi.

Adliya, prokuratura, sud, axborot sohasi vakillari ishtirok etgan tadbirda huquqiy axborot tarqatish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Aholiga sodda, tushunarli, ravon tilda huquqiy axborot tarqatish uchun nima qilish kerak?

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i B.Toshxo‘jayevning qayd etishicha, huquqiy axborot olinadigan tezkor va ishonchli manba hamda mana shu huquqiy axborotni to‘g‘ri tushunib, kerak bo‘lsa, mazmunini buzmasdan aholiga xalqchil tarzda yetkazib beradigan jurnalistlar kerak. Hamma biladiki, avvallari huquqiy axborotga ega bo‘lish qiyin edi. Qonun hujjatlarining ochiq va bepul elektron bazasi yo‘q edi. Jurnalistga qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish kiritilganmi-kiritilmaganmi, bilish oson bo‘lmagan.

Hozirda lex.uzda barcha hujjatlar bor. Huquqiy axborot telegram kanali orqali ham qonunchilikdagi yangiliklarni o‘qib borish mumkin. Qolaversa, huquqiy idoralar o‘z yo‘nalishidagi huquqiy axborotlarni har kuni yangilab bormoqda.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, yetakchi OAV uchun huquqiy bilimga, tajribaga ega jurnalist kerak. Agentlik shularni inobatga olgan holda Yuristlar malakasini oshirish markazi, TDYUU, Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda huquqiy mavzuda ijod qiladigan jurnalistlar uchun bepul o‘quv kurslarini tashkil etdi.

Tadbirda markaz tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba – LEX.UZ saytida 100 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat joylashtirilgani, bir oyda 1,5 million nafar kishi undan muntazam foydalanayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan, xususan, internet va ijtimoiy tarmoqlar – telegram, facebook, instagram, YouTube orqali huquqiy axborotni keng tarqatishga alohida ahamiyat berilmoqda. Shu bilan birga, aholini huquqiy axborot bilan ta’minlashda 290 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib boruvchi «Huquqiy axborot» telegram kanali (@huquqiyaxborot)ning o‘rni katta bo‘lmoqda.

Barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy axborot va maslahat bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘nga yaqin huquqiy saytlar (advice.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, yurxizmat.uz, kurslar.huquqiyportal.uz, hudud24.uz) ishga tushirilgan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga turli huquqiy hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash va erkin foydalanish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimi yaratilgan. Ushbu Legal Tech konstruktor-platformasi orqali 500 dan ortiq shartnomalardan bepul foydalanish mumkin.

Tadbir yakunida ishtirokchilar huquqiy telekanal tashkil qilish, jurnalistikaga oid oliy o‘quv yurtlarida huquqiy jurnalistika fakultetlarini ochish, jurnalistlar uchun mahorat darslari tashkil qilish va boshqa bir qator takliflarni bildirdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA