Vazirlar Mahkamasi Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-bosqichdan o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladilar. O‘quv kontrakt – to‘lov asosida bo‘ladi. To‘lov miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan chiqib belgilanadi.

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar toifasi (texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5 (a’lo)” va “4 (yaxshi)”, biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi ( tibbiy oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (a’lo)” bo‘lishi shart.

Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan, texnikumni bitirganiga ikki yildan oshganlar o‘qishga kirish istagini bildirganda, ularni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

O‘zA