Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida moliyaviy “piramida” tashkil etgan ayrim noqonuniy tashkilotlar faoliyatini oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan choralarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizdagi tashkilotlarning noqonuniy faoliyatini oldini olish,  ulardan jabr ko‘rganlarga huquqiy yordam berish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Xususan, bir guruh fuqarolar “Golden Cash Story” MCHJdan jabr ko‘rgani yuzasidan  huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan.

O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha,  “Golden Cash Story” MCHJ  2020 yil 15 yanvarda Ukraina fuqarosi M.M tomonidan tashkil etilgan.

Korxonaning asosiy faoliyati ulgurji savdoni amalga oshirish bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot-tashviqot uyushtirib, ushbu korxonaga tilla va kumush buyumlarini investitsiya tariqasida kiritganlarga haftasiga 2-3 foiz, yiliga 40 foiz dan 260 foizgacha daromad berib borilishi bilan qiziqtirgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan shikoyat o‘rganilishi natijada korxona mansabdorlari  fuqarolardan 100 dollardan 10 000  dollargacha bo‘lgan qiymatdagi zargarlik buyumlarni qo‘lga kiritgani aniqlangan. Jabrlanganlar asosan Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bo‘lgan.

Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumondorlarga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA