6 yanvar kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 7-xalqaro seminari boshlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Anjuman “Korrupsiyaga qarshi kurashish – insonning barcha huquqlari va barqaror taraqqiyotni to‘liq amalga oshirishning dastlabki sharti” mavzusiga bag‘ishlangan.

Xalqaro tadbirni IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Hoji Ali Achikgul kirish so‘zi bilan ochdi. IHT Bosh kotibi o‘rinbosari Asqar Musinov, Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Kurayshiy anjuman qatnashchilarini qutladi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletning videomurojaati namoyish qilindi.

An’anaviy yillik seminar Pokiston Islom Respublikasi hukumati va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari, shuningdek, turli xalqaro tashkilotlar ekspertlari, IHTga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy muassasalar vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev ishtirok etmoqda.

Korrupsiya – keng changal yozgan global muammo bo‘lib, inson hayotining barcha sohalariga daxl qilishi hamda jamiyat va davlatning barcha darajalardagi faoliyatiga surunkali salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan nihoyatda xatarlidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga qaraganda, korrupsiya, ya’ni pora va o‘marilgan mablag‘lar oqibatida yuzaga kelayotgan global yo‘qotishlar har yili 3,6 trillion dollar hajmidagi ulkan miqdorni tashkil etmoqda. Bu, o‘z navbatida, dunyodagi barqaror taraqqiyot, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘sishi yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining e’tirof etishicha, xalqaro hamjamiyat keng ko‘lamdagi korrupsiya inson huquqlariga halokatli ta’sir ko‘rsatishini tobora chuqur anglab yetmoqda. Bu omil, ayniqsa, korrupsiya ta’sirida hukumatlarning inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlarini bajarish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini to‘liq amalga oshirish borasidagi layoqatini susaytirishi, oqibatda esa jamoatchilikning o‘z mamlakatlari hukumatlariga ishonchsizligi ortishi misolida yaqqol ko‘rinadi.

IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining faoliyat ko‘lami sohalariga insonning barcha huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, jumladan, IHTga a’zo davlatlarning taraqqiyot huquqini qo‘llab-quvvatlash ham kiradi. Shu ma’noda, xalqaro seminarda korrupsiyaga qarshi kurashning eng maqbul modelini aynan inson huquqlari nuqtai nazaridan kelib chiqib shakllantirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.

Seminar 7 yanvar kuni o‘z ishini yakunlaydi. Xalqaro anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya – IHTning muntazamlik asosida faoliyat olib boradigan mustaqil tuzilmasidir. U IHTga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011 yil 28-30 iyun kunlari Astanada bo‘lib o‘tgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.

Komissiya IHTning nizom  va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umum e’tirof etilgan hujjatlarda  qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarni islom qadriyatlari bilan muvofiq holda mustahkamlab borish bilan shug‘ullanadi. U, shuningdek, davlatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2017 yil 10-11 iyul kunlari Kot d’Ivuarda bo‘lib o‘tgan 44-sessiyasi doirasidagi saylovda IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga Osiyo qit’asidan O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov a’zo bo‘lgan. So‘ng 2018-2020 yillarda A.Saidov Komissiya raisi sifatida faoliyat olib bordi.

IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-seminari 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda yillik seminar “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusida tashkil etilgandi.

N.Usmonova,
O‘zA