Oliy Majlis Senati, YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) hamkorligida “Bolalarni respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish va ular reintegratsiyasining dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.


Tadbirda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridan chiqarilgan bolalar reintegratsiyasi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

Ma’lumki, yopiq muassasalardan qaytgan ko‘plab o‘spirinlar muayyan ijtimoiy muammolarga duch keladi. Ular ota-ona yoki oilaning boshqa a’zolari, maktab, hamjamiyat tomonidan qabul qilinmasligi mumkin. Demak, bunday bolalar uchun reintegratsiya, xususan, oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatini yaxshilash juda muhim.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish faqat eng so‘nggi chora sifatida imkon qadar qisqa muddatga qo‘llanilishi va xalqaro standartga muvofiq istisno holatlar bilan cheklanishi lozimligi ishtirokchilar tomonidan alohida ta’kidlandi.

“Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bolalar ahvolini o‘rganish ularning aksariyati qiyin turmush sharoitiga ega oilalardan ekanini ko‘rsatadi. Bunday oilalarning asosiy muammosi moddiy qiyinchilik, spirtli ichimlik va psixofaol moddalar iste’mol qilish, doimiy ish yo‘qligi, oila a’zolari o‘rtasida jiddiy ruhiy kasallik uchrashi bilan bog‘liq”, – deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda qiyin ahvoldagi oilalarni erta aniqlashga e’tibor qaratilsa, bu borada tegishli profilaktika ishlari olib borilsa, mahalla va maktablarda shunday tadbirlar muntazam o‘tkazilsa, bolalar himoyalanishi, ularning farovonligi oshishi aytib o‘tildi.

Uchrashuvda normativ-huquqiy bazani, tarmoqlararo hamkorlikni takomillashtirish, tegishli mutaxassislar salohiyatini oshirish, hamjamiyat darajasida oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatini kuchaytirish, zararli gender normalarini bartaraf etishni davom ettirish, huquqbuzarlik bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish bo‘yicha monitoring yuritish, samaradorlikni baholash ishini hujjatlashtirish va boshqa tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

O‘zA