Davronbek Shukurov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markaziga direktor etib tayinlandi.

Davronbek Shukurov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini mazkur institutda boshlagan.

U 2020 yildan ushbu tayinlovga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Bir vaqtda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti mustaqil izlanuvchisi (PhD) sifatida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 aprelda “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu hujjatga ko‘ra, 2021 yil 21 iyun kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ushbu markaz shu yil yanvaridan o‘z faoliyatini boshladi.

Markaz davlat oliy va professional ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar, bolalar musiqa va san’at maktablarining badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-metodik va davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.

O‘zA