O‘tgan 2021 yilning eng quvonchli voqealaridan biri, bu – 17 yoshli yurtdoshimiz Nodirbek Abdusattorov shaxmatning rapid yo‘nalishida Jahon chempionligini qo‘lga kiritgani bo‘ldi. Tugayotgan yil oxiridagi bu g‘alaba butun yurtdoshlarimizning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Milliy Olimpiya qo‘mitasida Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Ahamiyatlisi, yosh va navqiron vakilimizning mazkur g‘alabasi bir necha kun davomida sport olamini, xususan, shaxmat dunyosini larzaga keltirdi. Dunyoning ko‘plab OAVlari orqali bu xabar yashindek tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti berilishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, chempionimizga davlatimiz rahbari nomidan Toshkent shahridan ikki xonali uyning kaliti topshirildi. Shu bilan birga, Nodirbek Abdusattorovga 250 million, uning murabbiylari Jahongir Vohidov hamda marhum Dmitriy Qayumovning oilasiga 100 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.

K.Bekjonov, N.Abduvoitov (video), O‘zA