Davlat rahbari topshirig‘i bilan respublikamiz viloyatlari Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur yangi tashabbusga ko‘ra, Samarqand viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanini o‘z tajribasi asosida yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Shu maqsadda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar, tadbirkorlar Nukusda bo‘lib, mahalliy rahbarlar bilan birgalikda tumanni 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ishchi guruh a’zolari tumanning mavjud imkoniyatlarini o‘rganib, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra samarqandlik tadbirkorlar tomonidan Nukusda bog‘dorchilik, baliqchilik, parrandachilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda metal profillarni ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Samarqand viloyati vakillari tumandagi ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga va ularni moddiy rag‘batlantirish uchun tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etib, 500 oilaga sovg‘alar ulashdi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA