FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi Yoshlar markazi qoshida «Yosh ijodkorlar klubi» tashkil etildi.

Klubning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda taniqli yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar hamda iste’dodli yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkor yoshlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar xususida  alohida to‘xtaldi.
– Klubimizda ijodkor yoshlar asosan adabiyotning nazm, nasr, adabiy tanqid, tarjima va dramaturgiya yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat olib borishi rejalashtirilgan, – deydi  klub bosh koordinatori Allayor Darmonov. Boshlanishiga 100 dan ziyod o‘g‘il-qiz klubimizga a’zo bo‘lish istagini bildirdi.

Kelgusida iqtidorli yoshlarni yanada ko‘paytirish va ularni yaqindan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha amaliy ishlar bajarilishi belgilangan. Xususan, televideniye va radio kanallarida «Yosh ijodkorlar» nomli maxsus ko‘rsatuv hamda eshittirish tashkil etish, respublika miqyosidagi  gazeta va jurnallarda ijodkor yoshlarning proza, poeziya, dramaturgiya janrlaridagi yangi asarlarini yoritib borilishiga ko‘maklashish, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston  Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda  nashriyotlarda iqtidorli  yoshlarning to‘plamlarini chop ettirish rejalashtirilgan.

 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA