Toshkentda “Yuksalish” umummilliy harakati va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari – yakdil ovoz” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.
Onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan mazkur mintaqaviy muloqotda 200 ga yaqin mahalliy va xorijiy ekspert, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlari holatini tahlil qilish, ular o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash masalasi ko‘tarildi.
Mintaqadagi eng faol NNTlar faoliyatini targ‘ib etish, sohaga daxldor tuzilmalarni kelgusi hamkorlik uchun mexanizm, takliflar ishlab chiqishga jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va ishonch mustahkamlanmoqda. Ekspertlar Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonning yangi mintaqaviy yo‘nalishi e’lon qilingani transformatsiya uchun namuna bo‘lganini, mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi munosabat jadallashishiga, tovar ayirboshlash hajmi, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni oshishiga xizmat qilganini e’tirof etdi.
Markaziy Osiyodagi mavjud o‘n minglab jamoat (nodavlat) tashkilotlari bugungi kunda yuz minglab faollar, volontyorlar, jamoatchilik fikri yetakchilarini o‘z saflariga birlashtirgan. Ayni paytda ushbu tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada yuqori marralarga olib chiqish juda muhim va bunda xorijiy tajriba, albatta, qo‘l keladi.
– Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng ishonchli va strategik hamkorlaridan, – dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Ushbu davlatda fuqarolik jamiyati institutlari o‘ziga xos xususiyatga ega. Bu boradagi tajribani mamlakatimizda keng qo‘llash uchun KOICA bilan yaqin hamkorlikda ish olib boryapmiz. Koreya va O‘zbekiston nodavlat tashkilotlari forumini o‘tkazish, mamlakatimizda “Aql” markazlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘ygan holda, tadqiqot markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Umuman, Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirishda, yirik mintaqaviy loyihalarni hayotga tadbiq etishda ham Koreya xalqaro hamkorlik agentligining ko‘magi yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilganiga roppa-rosa 15 yil to‘ldi. Endilikda fuqarolik jamiyati sohasida ham yangi tashabbuslar ilgari surish orqali aloqani yanada mustahkamlash ko‘zda tutilyapti.
– “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birga nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish pirovard maqsadimiz, – deya ta’kidladi KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Pak Sunjin. – Koreya Respublikasida ham bunday institutlar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga davlat tashrifi doirasida KOICA va O‘zbekiston o‘rtasida memorandum imzolandi. Vakolatxonamiz mamlakatingizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, davlat boshqaruvini muvofiqlashtirish kabi yo‘nalishlarda izchil hamkorlikni davom ettiramiz.
Muloqotda, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy, moliyaviy va institutsional jihatlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarning barqaror rivojlanish omillari muhokama qilindi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri