O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev,

1998 yil 31 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma va 2013 yil 14 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomaning qoidalariga amal qilgan holda,

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsadlari va tamoyillari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,

do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatning buzilmas tamoyillariga tayangan ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy, ma’naviy va madaniy mushtarakligidan kelib chiqib,

ikki mamlakatning 30 yil mustaqil rivojlanishi davomida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlashda erishilgan yutuqlarning nihoyatda muhim ahamiyatini ta’kidlab,

o‘zbek-qozoq strategik sherikligi salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni ittifoqchilik ruhiga mos bo‘lgan sifat jixatidan yangi bosqichga ko‘tarishni istagida,

ittifoqchilik ikki qardosh xalqning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlariga mos kelishi hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan holda,

Tomonlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga intilib, mazkur Deklaratsiyani qabul qiladilar va quyidagilarni bayon qiladilar:

1. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi har tomonlama hamkorlik, tenglik va o‘zaro manfaatlarni inobatga olish, mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlatlar chegaralarining buzilmasligini hurmat qilish asosida ittifoqchilik munosabatlarini bog‘laydilar.

2. Davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kompleks rivojlantirish hamda oliy, yuqori va boshqa darajalarda konstruktiv va ishonchli muloqotni kengaytirish tarafdoridirlar.

3. Ikka mamlakat Yetakchilari ittifoqchilik va strategik sheriklik ruhidagi ko‘p qirrali o‘zbek-qozoq hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish istagini bildirdilar.

Davlatlararo Oliy Kengash faoliyatini muvofiqlashtirish Tashqi ishlar vazirlari kengashiga yuklatiladi.

Davlatlararo Oliy Kengashga Davlat Rahbarlari boshchilik qiladilar va Kengash Tomonlarning umumiy manfaatlari bilan bog‘liq eng muhim masalalarni ko‘rib chiqadi, ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Parlamentlararo hamkorlik kengashining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi tomonidan amalga oshiriladi.

4. Prezidentlar ikki tomonlama aloqalar poydevori va ularning barqarorligi omili sifatida savdo-iqtisodiy hamkorlikning barcha jabhalarini kengaytirish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Shu munosabat bilan, Tomonlar iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni ilgari surish bo‘yicha Davlat Rahbarlarining maxsus vakillari mexanizmini yo‘lga qo‘yishga hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning faol ishini davom ettirishga kelishib oldilar.

5. Davlat rahbarlari hukumatlarga o‘zaro tovar ayriboshlash hajmini yaqin yillarda 5 mlrd AQSH dollarga va o‘rta istiqbolda 10 mlrd AQSH dollargacha oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirdilar.

6. Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali o‘zaro manfaatli sherikliklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Shu o‘rinda prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikka kuchli turtki berishga qodir bo‘lgan «Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini qurish loyihasi, shuningdek, chegara oldi hududlardagi ulgurji-taqsimlash markazlaridan iborat tovar o‘tkazish tarmog‘ini yaratish loyihasining amalga oshirilishini olqishladilar.

7. Prezidentlar, hududlararo va chegaraoldi hamkorlikning salohiyatini yuqori baholab, hududlar, xo‘jalik sub’ektlari, muassasalar va tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishning samarali mexanizmi sifatida Hududlararo hamkorlik forumini har yil o‘tkazish e’tirof etildi.

  8. Tomonlar o‘zaro bog‘langan transport tizimini shakllantirish va rivojlantirishga hamda shu maqsadda yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga yordam beruvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zarur huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishga muhim ahamiyat beradilar.

O‘zbek tomonining BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etishga oid tashabbusi doirasida hamkorlik qilish muhimligini e’tirof etdilar.

9. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi ekologik va suv xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish masalalariga muhim e’tibor qaratadilar, qo‘shma maxsus dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashadilar, atrof-muhitni va suv resurslarini muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish uchun zarur choralarni ko‘radilar, aholining hayoti va hududlarga xavf tug‘diruvchi ekologik ofatlar va favqulodda vaziyatlarda bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatadilar.

Tomonlar ekologik muammolarni hal etish, tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida o‘zaro kelishilgan siyosat olib borish hamda mintaqadagi sheriklar bilan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi masalalarini o‘rganish ilmiy markazini tashkil etish istagini bildirdilar.

10. Prezidentlar Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolari suv resurslari xalqlarning umumiy boyligi va ne’mati ekanligini hamda ulardan oqilona va adolatli foydalanish bilan o‘n millionlab odamlar taqdiri, butun mintaqaning barqarorligi va farovonligi bog‘liq ekanligini tasdiqladilar.

Shu maqsadda Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlariga oid takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruhning faoliyatini davom ettirishga kelishib oldilar.

11. Davlat Rahbarlari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini mintaqa mamlakatlarining Orol halokati ta’siriga uchragan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ekologik va ilmiy-amaliy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishlari uchun asosiy platforma sifatida ko‘radilar.

Tomonlar BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirishning muhimligini ta’kidladilar.

12. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar.

Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar.

Barcha mintaqaviy masalalar bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bir-birining manfaatlariga o‘zaro hurmat asosida o‘zaro maqbul yechimlarga o‘zlari erishishi muhimligini ta’kidladilar.

13. Davlat rahbarlari BMT, SHHT, OHICHK, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilot va forumlar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishlarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Olmaota shahrida BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Markazini tashkil etishga oid Qozog‘iston Respublikasining tashabbusini qo‘llab quvvatladi.

Tomonlar mintaqada ishonch, tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida OHICHK doirasida faol hamkorlikni davom ettirish hamda OHICHK salohiyatini rivojlantirish va uni xalqaro tashkilotga aylantirishga ko‘maklashish istagini bildirdilar.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mushtarak tarix, til, madaniyat va urf-odatlarga asoslangan holda, milliy manfaatlardan kelib chiqib rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Qozog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar Parlamentlararo assambleyasi va Turk akademiyasi kabi boshqa turkiy institutlarning to‘laqonli a’zosi bo‘lish istagini olqishladi.

14. Davlat rahbarlari xalqaro terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, giyohvand vositalar yoki psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro xavfsizlikka boshqa tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda ham ikki tomonlama, ham xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

15. Prezidentlar Afg‘onistonga terrorizm, urush va giyohvand moddalardan holi mustaqil, yagona, tinch va farovon mamlakatga aylanishida ko‘maklashishning muhimligini tasdiqladilar. Afg‘oniston hududida terrorchilik tashkilotlarning panoh topishiga va qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdidlarning shakllanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi gumanitar va iqtisodiy inqiroz chuqurlashishining oldini olish maqsadida xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqini vujudga kelgan muammolar bilan yolg‘iz qoldirmasligi lozimligini ta’kidladilar.

Ushbu mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika sohalarida aloqalarni saqlab qolish, shuningdek, BMTning markaziy roli bilan Afg‘oniston xalqiga har tomonlama xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etdilar. Afg‘on yo‘nalishida yondashuvlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Afg‘onistonga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish uchun ikki davlatning transport-logistika salohiyatidan, shu jumladan Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan logistika markazidan faol foydalangan holda, BMT Jahon oziq-ovqat dasturi va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish istagini ifoda etdilar.

16. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi ikki mamlakat xalqlarining ma’naviy va madaniy yaqinligini saqlashga har tomonlama ko‘maklashadilar, madaniyat, fan, ta’lim, turizm, axborot sohalarida o‘zaro aloqalarni chuqurlashtiradilar.

O‘zbek va qozoq millatlarining ikki birodar xalqning yaqinlashuvidagi alohida o‘rnini e’tiborga olgan holda, Tomonlar bundan keyin ham har ikki etnos vakillariga ona tillari, milliy madaniyatlari, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga qulay shart-sharoitlar yaratishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi ijodiy uyushmalar va birlashmalar, madaniyat, adabiyot va san’at arboblari o‘rtasida tarixan shakllangan aloqalar va muloqot asosida umumiy madaniy makonni saqlash va mustahkamlash tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

17. Davlat rahbarlari o‘z hukumatlariga O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma loyihasini yaqin vaqtda ishlab chiqish va imzolashni topshirdilar.

18. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidentlari amindirlarki, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida chinakam ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish abadiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarining mustahkamlanishiga ko‘maklashgani holda ikki qardosh xalqning tub manfaatlariga mos keladi, shuningdek, har ikki davlatning barqaror rivojlanishi va xalqaro maydondagi obro‘sining oshishiga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti

 

Shavkat MIRZIYOEV

 

 

Qozog‘iston Respublikasi

Prezidenti

 

Qasim-Jomart TOQAEV

Nur-Sulton shahri

2021 yil, 6 dekabr