Toshkent shahrida “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasidagi global chaqiriqlar va tahdidlar: zamonaviy strategiyalar va yechimlar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda fan va ta’lim sohasidagi 150 dan ortiq milliy va xorijiy ekspertlar, yetakchi olimlar, huquqni muhofaza qilish sohasining tajribali xodimlari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni keng joriy qilishga e’tibor qaratildi. Bu borada yagona platforma yaratish, zamonaviy chaqiriqlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish va tergov faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashish zarurligi qayd etildi. Huquqni muhofaza qilish va tergov faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Korrupsiya, jinoiy mablag‘larni qonuniylashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda yangi chaqiriq va tendensiyalarni inobatga olish muhimligi ishtirokchilar diqqat-markazida bo‘ldi. Tergov faoliyatida raqamli kriminalistikaning ahamiyati, huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim, sun’iy intellektni qo‘llash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S.Ortiqova, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori A.Saidov, Oliy sud raisi o‘rinbosari O.Ismoilov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori S.Mahl, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori rahbari A.Karttunen, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Xenik, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.Kolenko va boshqalar huquq-tartibot idoralari faoliyatini samarali tashkil etishda fan va ta’limning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Xalqaro konferensiya doirasida “Huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim, sun’iy intellektni qo‘llashning dolzarb masalalari”, “Tergov faoliyatini tashkil etishga yangicha yondashuvlar: raqamli kriminalistikaning roli”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar”, shuningdek, “Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari” mavzularida parallel sessiyalar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan sessiyalar natijalariga ko‘ra, konferensiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, mas’ul organlar faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementatsiya qilish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar qabul qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plam shaklida chop etiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA