Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 sentyabr kuni Andijon viloyatida bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida viloyat saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shundan so‘ng Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini borib ko‘rdi.

Bu shifoxona 1975 yilda qurib bitkazilgan. Keyinchalik joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan. Klinikaga yiliga o‘rtacha to‘qson mingdan ortiq murojaat bo‘ladi. O‘ttiz mingdan ziyod bemor statsionar tarzda davolanadi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari amaliy mashg‘ulotlarini shu yerda o‘tkazishadi.

Lekin shifoxonada buning uchun sharoitlar yetarli emas. Binolar eskirib, ta’mirtalab bo‘lib qolgan.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ahvolni ko‘zdan kechirdi. Klinikani to‘liq rekonstruksiya qilib, uning negizida vodiy aholisi uchun kardiologiya, neyroxirurgiya, ko‘z kasalliklari va urologiya bo‘yicha murakkab operatsiyalar o‘tkazadigan tibbiyot markazi tashkil etishga ko‘rsatma berdi.

Prezident shifokorlar bilan suhbatlashdi.

– Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun, eng avvalo, odamlarning salomatligi va yashash sharoitini yaxshilashimiz kerak. Bu institut va klinika shu borada katta markazlardan biri bo‘la oladi. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Faqat ta’lim metodikasini yangilash, dunyo tibbiyotida qo‘llanilayotgan ilg‘or uslublarni tatbiq etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Andijon viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Mutasaddilarga aholisi ko‘p Shahrixon tumani misolida tibbiy ko‘rik o‘tkazib, kasallik turlari bo‘yicha davolashning yangi uslublarini amaliyotga joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “Yangi avlod” xususiy maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur umumta’lim maktabi “bog‘cha – maktab – universitet” bo‘g‘inidan iborat ta’lim klasterining ilk bosqichidir. Maktab o‘n bir yillik bo‘lib, bu yil ilk o‘quvchilarini qabul qildi.

Ta’lim muassasasi uch qavatli ikkita o‘quv binosidan iborat bo‘lib, 55 ta sinfxona, 3 ta laboratoriya, fan kabinetlari bor. Ular zamonaviy o‘quv jihozlari va uskunalar bilan ta’minlangan.

Maktab chet tillariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, ingliz, xitoy, arab tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda birinchi marta ingliz tili bo‘yicha noan’anaviy metodika asosida bilim berish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun alohida murabbiy faoliyat yuritadi, maxsus qo‘llanmalar nashr etilgan. O‘quvchilarga IELTS xalqaro imtihon tizimi bo‘yicha 7-7,5 ball olishi kafolatlanadi.

Bundan tashqari, aniq fanlarni ingliz tilida interfaol tarzda o‘qitish, mental arifmetika, axborot texnologiyalari, robototexnika to‘garaklari tashkil etilgan. Oshxona, ochiq va yopiq sport maydonlari, gimnastika va xoreografiya xonalarida zarur sharoitlar yaratilgan.

“Bir million dasturchi” loyihasi asosida “Yangi avlod” maktabi va Andijon shahridagi “Digital City” IT-parki o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan. Informatika darslari, robototexnika, grafik dizayn bo‘yicha mashg‘ulotlar IT-park mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

Prezident maktab o‘quvchilari bilan suhbatda ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.

– Sizlar eng to‘g‘ri yo‘lni – bilim yo‘lini tanlagansizlar. Hech qachon o‘qishdan, izlanishdan to‘xtamanglar. Vaqt tez o‘tadi, ertaga hayotda munosib o‘rin topishingiz, zamonga mos mutaxassislar bo‘lib yetishishingiz uchun bugun o‘qishingiz kerak. Men ishonaman, sizlar mutlaqo yangi avlod yoshlari bo‘lib ulg‘ayasizlar, ota-onangiz, el-yurtingiz orzusini ro‘yobga chiqarasizlar. Chunki sizlarda bilim bo‘ladi. Bilim esa, ko‘p bor aytganimdek, o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi. Yakkayu yagona najotimiz – ilm, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda maktabgacha ta’lim muassasasi va universitet barpo etish loyihasi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, maktab yonida 150 o‘rinli bog‘cha, 500 o‘rinli axborot texnologiyalari universiteti qurilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa bog‘cha, maktab va universitet ta’lim klasteriga aylanadi. Ularda bolalar bog‘cha yoshidan chuqurlashtirilgan bilim olib, axborot texnologiyalari bo‘yicha yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadi.

Davlatimiz rahbari xususiy ta’lim istiqbollari bilan qiziqdi. Bunday maktablarga xorijdan o‘quv dasturlari va uskunalar olib kelishda bojxona imtiyozlari berish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Shu yerda jurnalistlar bilan qisqacha muloqot bo‘ldi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Matnazar ELMURODOV,

Faxriddin UBAYDULLAEV,

O‘zA muxbirlari