Bugun 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi Ishonchli vakili Rustam Xolmurodov qo‘shrabotlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbir samimiy, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
-Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shishiga, mamlakatimizni taraqqiy ettirishiga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashiga, iqtisodiyotni bundanda ko‘tarishiga, bolalarimiz sog‘lom, ilmli, baxtli bo‘lishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishiga ishonaman, – deya ta’kidladi Rustam Xolmurodov. – Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga rahbar bo‘lgan paytida ham Qo‘shrabot tumaniga, qo‘shrabotliklarga alohida e’tibor va mehr bilan yondashar edi. Bugun ham Qo‘shrabot tumanining istiqboli yo‘lida bir qator juda katta loyihalar amalga oshiriladi. Hali shunday sharoitlar yaratiladiki, hamma Qo‘shrabot bilan qiziqadi, Qo‘shrabotga kela boshlaydi.
Abdulhamid Qurbonov, mehnat faxriysi:
– Shavkat Mirziyoyevning Ishonchli vakili Rustam Xolmurodov bilan uchrashuv har qanday rasmiyatchilikdan holi, juda yaxshi o‘tdi. Haqiqatdan ham keyingi besh yilda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qancha ishlar amalga oshirildi. Majburiy mehnatga barham berildi. Maktab ta’limi tiklandi. Tibbiy xizmat yaxshilandi. Odamlarda ertangi kunga ishonch paydo bo‘ldi. Ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Boy bo‘ldik. Yo‘llarimiz ravonlashdi. Yurtimiz tinch. Eng muhimi qo‘rquv yo‘qoldi.
Men barchaga murojaat qilmoqchiman: Kelajagingiz, farzandingiz ertasi, yurtimizning shiddat bilan rivojlanishi, inson qadri yanada oshishi uchun Shavkat Mirziyoyevga ovoz bering.
Asqar Zokirov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati janubiy kon boshqarmasiga qarashli Zarmetan hududidagi 4-sonli gidrometrologiya zavodi rahbari:
– bugungi kunda so‘nggi 5 yilda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezmagan, his qilmagan, uni anglamagan odam bo‘lmasa kerak. O‘tgan davr mobaynida juda katta miqyosda bog‘chalardan tortib, to universitetgacha, sanoatdan madaniyatgacha, ishlab chiqarishdan elektromobillargacha, har bir sohadagi islohotlarni bevosita so‘z bilan ta’riflash qiyin. Shavkat Mirziyoyev xalqimiz orasiga kirib, har bir inson dardiga quloq tutib, muammolarni hal qilmoqda. Men bu o‘zgarishlar va islohotlarni his qilgan, anglagan inson sifatida barcha yurtdoshlarimni Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiraman.
Tojihol Tog‘ayeva, tadbirkor:
-Men bir necha yillardan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Bilasizmi, bizga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar so‘nggi 5 yilda sezilarli darajada oshdi. 2018 yilda tumanimizda 100 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasini ochdim. Bu orqali 20 ga yaqin xotin-qizlarni ish bilan ta’minladim. Shuningdek, 2019 yilda tikuv sexi, 2020 yilda uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil qildim. Ko‘ryapsizmi, 3 yil ichida men 3 korxona ochib, ularni muvaffaqiyatli faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Bularning hammasi Shavkat Mirziyoyev tufaylidir. Men 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz beraman va barchani ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.
Otabek SA’DULLAEV
Shavkat AKRAMOV olgan surat.