Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor maqsad-vazifalar hamda bu borada O‘zLiDeP oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, nomzodning saylovoldi dasturi ko‘p qirrali bo‘lib, unda qator hayotiy maqsad-vazifalar o‘rin olgan. Xususan, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushirilishi, davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligini ta’minlash kabi vazifalar belgilangan. Buning uchun byudjet mablag‘larini samarali taqsimlash va nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, bundan buyon byudjet xarajatlari birinchi navbatda fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi qayd etilgan.
Shuningdek, iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni ko‘paytirish maqsadida kelgusi 5 yilda fond bozori hajmi 200 million dollardan 7 milliard dollarga yetkazilishi, bunda mamlakatimizga kapital olib kirish bo‘yicha mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, barcha uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlar yaratilishi nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zolari nomzodning saylovoldi dasturi haqida to‘xtalar ekan, undagi barcha maqsad-vazifalar O‘zbekistonning rivojlanishi, erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash, xalqimiz turmush farovonligi oshishi yo‘lida xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng deputatlar “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdi. Loyihada banklarning ayrim turdagi moliyaviy operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normalarni tizimlashtirish va birxillashtirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlarining tarkibi mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari etib belgilanmoqda. O‘z navbatida, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarga mikromoliyalash faoliyatini amalga oshirish huquqini berish nazarda tutilyapti.
Bahs-munozaralardan so‘ng fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladilar.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA