Buning uchun “Aloqa bank” tomonidan ustavi 80 milliard so‘m bo‘lgan Venchur jamg‘armasi va IT bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.

Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshga dasturiy ta’minot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional ta’lim beriladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda 151 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar o‘qitilmoqda. Bu markazlarda tahsil olgan 10 ming bitiruvchi frilans yo‘nalishida, 500 ga yaqin yoshlar startap jamoalarda yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Prezident ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirib, turli kasb ehtiyojlari uchun IT ko‘nikmalar beradigan maskanga aylanishtirish kerakligini ta’kidladi.

Masalan, o‘qituvchilar uchun – “elektron ta’lim”, loyihachilarga – “raqamli qurilish”, fermerlarga – “aqlli qishloq xo‘jaligi” kabi dasturlarda ishlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalar beriladi.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi va viloyat hokimlariga 1 noyabrga qadar qo‘shimcha 54 ta raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Toshkent shahrida – 10 ta, Farg‘onada – 8 ta, Andijon, Buxoroda – 5 tadan, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida – 4 tadan, Navoiyda – 3 ta, Surxondaryoda – 2 ta, Xorazmda – 1 ta.

Bunda, kelgusi yildan boshlab markazlar faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishni ko‘zda tutiladi.

 

O‘zA