Prezident bugungi videoselektor yig‘ilishida chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash yana o‘z holiga tashlab qo‘yilganini keskin tanqid qildi. Ekologiya qo‘mitasi mutasaddilari va viloyat hokimlariga bu ish bilan shaxsan shug‘ullanib, yil yakuniga qadar yo‘l qo‘yilgan qoloqliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Namangan shahar, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq va Namangan tumanlarida mazkur sohada xususiy sheriklik tizimi to‘liq o‘zini oqlagan. O‘tgan 6 oyda ushbu hududlarda aholini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 79 foizdan 92 foizga yetib, tushumlar 2 baravarga oshgan.

Yoki, Farg‘onada ham xususiy sheriklar tomonidan 7 milliard so‘mlik investitsiya jalb qilinib, vodiyda ilk bor chiqindilarni saralash zavodi ishga tushirilgan.

Prezident hududlarda chiqindi masalasi bilan viloyat hokimlari shaxsan shug‘ullanishi, so‘rov ham ulardan bo‘lishini ta’kidladi.

Shu bois, xususiy sheriklik bo‘yicha tender komissiyalariga viloyat hokimlari rahbarlik qiladi. Yig‘ilishda viloyat hokimlariga 1 oktyabrga qadar xususiy sheriklik asosida 30 ta, yil yakuniga qadar yana 24 ta loyihani boshlash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Viloyat hokimlari kelgusi yilda sohada xususiy sektor ulushini 60 foizga yetkazish va 6,5 mingta yangi ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘ladi.

 

O‘zA